Prezident ijtimoiy soha binolarining isitish tizimlarini modernizatsiya qilish muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Qayd etilishicha, 15 mingta ijtimoiy soha obyektida isitish tizimlari ta’mirtalab bo‘lib, ularda issiqlik energiyasining 35%i yo‘qotilmoqda, issiqlik harorati esa me’yorga nisbatan 2 baravar past.

Bu bo‘yicha Bo‘ston tumanida isitish tizimini xususiy sheriklik asosida yangilash va boshqarish bo‘yicha tajriba o‘tkazilgandi.

Isitish qozonlari yangilariga almashtirilgan hamda tarmoqlar modernizatsiya qilinib, xususiy boshqaruvga berilgan.

Natijada energiya sarfi kamayib, binolar ichidagi harorat ko‘tarilgan.

O‘tgan qishdagi anomal sovuq davrida ham obyektlarda mo‘tadil harorat saqlab turilgan.

Yig‘ilishda bu tajribani ommalashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Unga ko‘ra, isitish tizimi tadbirkorlarga 10 yilga boshqaruvga beriladi va ularning xizmatlari davlat tomonidan sotib olinadi.

Tarmoqlar modernizatsiyasi uchun zarur mablag‘ning yarmi budjetdan, yarmi xususiy sherik hisobidan ajratiladi.

Isitish qozonlarini ishlab chiqarishga kerakli butlovchi qismlar ikki yil muddatga bojxona bojidan ozod qilinadi.

Prezident bu takliflarni ma’qullab, tashkiliy va moliyaviy masalalar bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Mutasaddilarga tuman va shaharlardagi ijtimoiy obyektlarning isitish tizimlarini xatlovdan o‘tkazib, bosqichma-bosqich yangilash, ularni boshqarishga salohiyatli tadbirkorlarni jalb etish topshirildi.

Binolarda energiya yo‘qotilishini kamaytirish, issiqlikni saqlash choralarini ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, investorlar ishtirokida energiya tejamkor isitish qozonlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berildi.

Yig‘ilishda ko‘mir ta’minoti masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Mamlakatda ko‘mir qazib chiqarish 3 mln tonnadan 5,4 mln tonnaga oshgan.

Bu yil esa salkam 6 mln tonna qazib olish rejalashtirilgan. Lekin ko‘mirga talab bundan ancha ko‘p.

Prezident istiqbolli konlarni o‘zlashtirishga xususiy sektorni va yangi texnologiyalarni jalb qilish, ko‘mirning sifatini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.


Avvalroq 2023-yilda gaz va elektr energiyasi narxlari oshirilmasligi haqida xabar berilgandi.