Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari O‘zbekistonda norasmiy bandlik holatini tahlil qildi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilda jami iqtisodiy faol aholi 14,98 mln kishini tashkil qilgan.

Undan jami 13,7 mln kishi ish bilan band bo‘lib, ularning 6,5 mln (47%) rasmiy sektorda band hisoblanadi.

Iqtisodiy faol aholi bu iqtisodiyotda band bolganlar va ishsizlarni o‘z ichiga oladi. Bunga talabalar, bola parvarishi bilan dekret ta’tilida o‘tirganalar va o‘z xohishiga ko‘ra ishlamaydiganlar kirmaydi.

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha jami norasmiy sektorda band bo‘lganlarning eng katta ulushi, ya’ni 34%i qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida mehnat qiladi. Xuddi shu ko‘rsatkich savdoda 14%, qurilishda 14% va sanoatda 11%ni tashkil etadi.

Norasmiy bandlar bu yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan korxonalarda ishlaydigan ishchilar hisoblanadi. Ushbu toifaga mehnat munosabatlarini ro‘yxatdan o‘tkazmasdan ishlaydigan yashirin sektor vakillaridan tashqari, ro‘yxatdan o‘tmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar, o‘z-o‘zini band qilganlar va ularning ishchilari kiradi.

Ta’kidlash lozimki, norasmiy sektorning kattaligi hukumatlarga iqtisodiy siyosatni samarali amalga oshirish va iqtisodiyotni tartibga solishda qiyinchilik tug‘diradi.

Norasmiy sektorda bandlar sohalar kesimida rasmiy sektorda bandlar bilan bir xil miqdorda ish haqi oladi deb faraz qilinsa 2022-yilning o‘zida 9 mlndan oshiq aholi norasmiy sektorda band bo‘lgani hisobiga davlat budjetiga soliq ko‘rinishida 32,9 trln so‘m mablag‘ tushmagan.

Budjet mablag‘larining yarmidan ko‘pi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilishi inobatga olinsa bu mablag‘ hisobiga:

  • 500 o‘quv o‘rinli 4 100 ta umumta’lim maktablari qurish yoki barcha hududlardagi ta’lim oluvchilarni sifatli ta’lim bilan qamrab olish uchun mavjud 10 522 ta umumta’lim maktablarini moddiy-texnik bazasini zamonaviy o‘quv anjomlari bilan ta’minlash.
  • yoki 3 737 ta ambulator tibbiy muassasa qurish, sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiy xodimlar oylik maoshini 7,8 mlnn so‘mga yetkazish yoki umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining oylik maoshini 7,2 million so‘mga yetkazish mumkin bo‘lardi.

Ya’ni, tegishli soliqlarni to‘lamasdan biroz ko‘proq daromad olish orqali yutish bevosita boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishdagi yutqazishga olib kelmoqda.

Ta’kidlash joizki, oxirgi yillarda norasmiy bandlikni kamaytirish bo’yicha keng ko‘lamli hatti harakatlar amalga oshirilmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni maʼlum darajada pasaygan. Norasmiy bandlar ulushi 2020-yilda 43%dan 2022-yilda 40%ga kamaygan.

Bundan tashqari, prezidentning 2022-yil 30-avgustdagi tegishli farmoni norasmiy bandlikni kamaytirish bo‘yicha taʼsirchan yangi mexanizmlarni joriy qilish, shuningdek, o‘zini-o‘zi band qilishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, soliq sohasida qulayliklar yaratish, tadbirkorlikni raqamlashtirish va rivojlantirish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlarini tashkil qilish ko‘zda tutilgan.


Avvalroq “Spot” PMTI negizida Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tashkil etilishi haqida yozgandi.