Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va BAAning “Masdar” kompaniyasi Surxondaryo, Samarqand va Jizzax viloyatlarida uchta quyosh elektr stansiyasini qurish uchun 3 ta qarz shartnomasini imzoladi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur stansiyalarning umumiy quvvati 897 MVt.ni tashkil etib, moliyalashtirish paketi quyidagicha taqsimlanmoqda:

  • Sherobod uchun $36,7 mln;
  • Samarqand uchun $13,5 mln;
  • Jizzax elektr stansiyasi uchun $14,3 mln.

Bundan tashqari, bank loyihalarni amalga oshirish uchun sindikatlashtirilgan kredit shaklida $37,5 mln jalb qildi.

U BMTning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan Niderlandiyaning rivojlanayotgan bozorlar uchun xususiy kredit jamg‘armasi “ILX Fund I” tomonidan moliyalashtiriladi.

OTB yuqorida qayd etilgan loyihalarni parallel kreditor sifatida Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Yevropa investitsiya banki bilan birgalikda moliyalashtirmoqda.

“Bizning ishtirokimiz ishonchli homiydan katta miqdorda aksioner kapitalni va institutsional kapitalni jalb qilishga yordam berdi va bu O‘zbekistonning qayta tiklanadigan energetika sohasidagi kelajakdagi loyihalari uchun ishonch bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi OTBning Xususiy sektor bilan operatsiyalar departamenti Bosh direktori Syuzan Gaburi.

OTB, shuningdek, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” tomonidan kelajakda elektr energiyasini xarid qilishni qo‘llab-quvvatlash uchun $9,1 mln miqdorida kredit kafolati taqdim etadi.

Qayd etilishicha, bank uchlikning eng yirik loyihasi — Sherobod FESni ishlab chiqishda maslahatchi sifatida ishtirok etgan.

Uchta elektr stansiyasi yiliga 1 mln tonnadan ortiq karbonat angidrid ekvivalentini qoplaydi va bir mlndan ortiq uy xo‘jaliklarini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.

Avvalroq Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) “Masdar” kompaniyasining mazkur loyihasi uchun $205 mln miqdorida moliyaviy paket ajratishi ma’lum qilindi.