“Aerovokzal, temir yoʻl va avtobus vokzallarida xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilashga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi hukumat qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagi nizomlar tasdiqlandi:

  • aeroportlarning aerovokzal majmualarida va vokzal oldidagi maydonlarda xavfsizlikni taʼminlash tartibi toʻgʻrisida;
  • temir yoʻl vokzallarida (stansiyalarida) yoʻlovchilar va tashrif buyuruvchilarning qoʻl yuki va bagajini koʻzdan kechirish, ularning temir yoʻl vokzallarida (stansiyalarida) boʻlishi tartibi toʻgʻrisida;
  • avtovokzallarda (avtostansiyalarda) yoʻlovchilar va tashrif buyuruvchilarning qoʻl yuki va bagajini koʻzdan kechirish, ularning avtovokzallarda (avtostansiyalarda) boʻlishi tartibi toʻgʻrisida.

Shuningdek, aerovokzal majmualari binolariga kirish joylariga yaqin kelib toʻxtash uchun faqat yoʻnalishsiz va yoʻnalishli taksilarga ruxsat etiladi.

Shaxsiy avtomobillar va jamoat transporti yoʻlovchilarni va tashrif buyuruvchilarni olib ketish va olib kelish uchun moʻljallangan avtomobil turargohi va toʻxtash joylariga yoʻnaltiriladi.

Bundan tashqari, estakadadan foydalanish uchun yoʻlovchi tashish avtotransportlariga ruxsat beriladi.

Bunda yengil avtotransportlarga estakadada 5 daqiqagacha hamda avtobus va mikroavtobus avtotransport vositalariga 10 daqiqagacha toʻxtab turishlari mumkin boʻladi.

Barcha turdagi avtotransport vositalari aerovokzallar majmualari chegarasidan 30 metrdan kam boʻlmagan masofada joylashtiriladi.

Temir yoʻl vokzallarida koʻzdan kechirishdan oʻtish vaqti yoʻlovchilarning poyezdga chiqishga kechikishi uchun shart-sharoitlar yaratmasligi zarur.

Bunda koʻzdan kechirish vaqtini qisqartirish maqsadida koʻzdan kechirish tartib-qoidasini soddalashtirishga yoʻl qoʻyilmaydi.