Yoshlarning bandligiga ko‘maklashish hamda ularni doimiy ish bilan ta’minlash bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan, 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni ishga olgan korxonalarga to‘langan ijtimoiy soliqni qoplab berish amaliyoti 1-maydan 2025-yilgacha uzaytirildi.

Biroq, budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg‘armasida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar, ijtimoiy soliqni 1% stavkada to‘lovchilar bundan mustasno.

Bunda, ijtimoiy soliq summasi yosh xodimlar 6 oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan yettinchi oydan boshlab qoplab beriladi.

Shuningdek, hujjat bilan hukumatning tegishli qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi belgilangan.

Avvalroq Yagona reyestrga kiritilgan fuqarolarga ayrim tovarlar xaridi uchun to‘langan QQS qaytarilishi belgilangandi. Mazkur tartib 1-maydan amalga oshiriladi.