O‘zbekistonda yillik oltin qazib olish hajmini 1,4 barobarga, ya’ni 150 tonnagacha oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Tog‘-kon va geologiya vaziri o‘rinbosari A’zam Qodirxo‘jayevga tayanib, “Finmarket” nashri xabar bermoqda.

“Bizning yaqin rejalarimiz oltin qazib olishni 150 tonnagacha oshirishni o‘z ichiga oladi n, — dedi Qodirxo‘jayev Toshkentda o‘tkazilgan “Innoprom. Central Asia” ko‘rgazmasida.

O‘zbekiston dunyodagi eng yirik oltin qazib oluvchi davlatlardan biri bo‘lib, hozirda “yiliga 105 tonnaga yaqin oltin qazib olinishi ta’kidlangan.

Mamlakatda oltin qazib olish bilan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda qimmatbaho metallni yetkazib beruvchi Navoiy kon-metallurgiya kombinati amalga oshirmoqda.

Oltin O‘zbekistonning asosiy eksport mahsulotidan biri. Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan chorakda amalga oshirilgan mamlakat eksportining 42,4%i qimmatbaho metallar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Natijada yil boshidan buyon mamlakatning qimmatbaho metal eksporti hajmi $2,41 mlrd.ni tashkil etgan.

Umuman, mart oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari fevral oyiga nisbatan qariyb $1,5 mlrdga oshib, $35,4 mlrd.ga yetdi.

Fevral oyida O‘zbekiston Markaziy banki oltinning asosiy xaridorlaridan biriga aylandi. Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, bu davrda mamlakat 8 tonna oltin xaridi bilan regulyatorlar orasida uchinchi o‘rinni egallagan.

Shuningdek, OTB tahlillariga ko‘ra, oltin zaxiralarining ko‘payishi hisobiga 2023 va 2024-yillarda yalpi valyuta zaxiralari $37 mlrdgacha oshishi mumkin.