Latviya bilan ta’lim sohasini raqamlashtirishda hamkorlik qilinadi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha vazir Ibrohim Abdurahmonov bilan Latviyaning O‘zbekistondagi favqulotda va muxtor elchisi Reynis Trokshini o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda ta’kidlangan.

Xususan, Latviya elchisi vazirlik bilan sohalarni raqamlashtirishda hamkorlik qilish taklifini bildirdi.

Uchrashuvda delegatsiya tarkibida ishtirok etgan Latviyaning “Tilde” kompaniyasi rahbari Kaspars Kaulins O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Sun’iy intellekt kengashi a’zoligiga qabul qilindi.

Latviya tomoni sun’iy intellekt texnologiyalari asosida matnlarni bir tildan ikkinchi tilga avtomatik tarzda tarjima qilish, nutqni tanib olish va chat-botlarni ishlab chiqish sohalarida hamkorlik qilish taklifini bildirdi.

Avvalroq O‘zbekistonda ta’lim sohasini rivojlantirishga xalqaro tashkilotlar $580 mlndan ortiq mablag‘ yo‘naltirishi haqida xabar berilgandi.

Bu bo‘yicha tomonlar 2023−2026 yillarga mo‘ljallangan Yo‘l xaritasini taqdim etdi. Hujjat 150 dan ortiq hamkorlar tomonidan ishlab chiqilib, 54 ta hamkor tashkilotni birlashtiradi.