Hukumat qarori bilan, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘lari hisobidan O‘zbekistondagi loyihalar doirasida sotib olinadigan hamda olib kiriladigan tovarlarga (xizmatlarga) QQS bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash va soliqqa tortish bo‘yicha nizom qabul qilindi.

Hujjat bilan quyidagilar belgilandi:

  • xalqaro mablag‘lar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida sotib olinadigan va olib kiriladigan tovarlarga (xizmatlarga) QQS bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash;
  • loyihalar doirasida qarz Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan bo‘lsa, tovarlarni olib kirish va tovarlarni (xizmatlarni) sotib olishda QQSni to‘lash;
  • Davlat budjetidan QQSni to‘lash uchun mablag‘ ajratilgunga qadar loyihani amalga oshirish guruhi yoki ijro agentligiga 120 kun muddatga QQSni kechiktirib to‘lash huquqini berish;
  • loyihalar doirasida sotib olinadigan va olib kiriladigan tovarlar (xizmatlar) bo‘yicha to‘lanadigan QQSni qoplab berish.

QQS bo‘yicha imtiyozlarni qo‘llash uchun buyurtmachi tomonidan bojxona organlariga loyihani moliyalashtirish manbalari to‘g‘risida tasdiqnoma taqdim etiladi.

To‘liq yoki qisman xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘laridan QQSni qoplash uchun foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadigan loyihalar bo‘lganda, qarz oluvchilarga QQSni to‘lash uchun Davlat budjetidan mablag‘lar ajratiladi.

Shuningdek, davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanmaydigan loyihalar bo‘lganda, QQS uchun to‘lovlar qarz oluvchilarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.


Joriy yildan mamlakatda soliq stavkasi 15%dan 12%gacha pasaytirildi. Buni davlat rahbari 2022-yilning avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ta’kidlagandi.