Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston, Xitoy, BAA, Armaniston va Eronning 35 dan ortiq kompaniyasiga Rossiyani qo‘llab-quvvatlagani uchun sanksiya joriy etishni rejalashtirmoqda, deb yozadi “Bloomberg” Yevropa komissiyasining tayyorlangan hujjatlariga tayanib.

Hujjatda aytilishicha, cheklovlar joriy etilishi rejalashtirilayotgan kompaniyalar Rossiya harbiy-sanoat kompleksini bevosita qo‘llab-quvvatlaydi.

“Gazeta.ru” nashrining yozishicha, sanksiyalar 70 ga yaqin shaxsga ham taalluqli hisoblanadi.

Rossiyaning Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyasi fonida ko‘plab G‘arb davlatlari allaqachon Rossiyaga qarshi bir nechta sanksiyalar paketini joriy qilgan.

Yevropa Ittifoqi maxsus harbiy operatsiyaning bir yilligi munosabati bilan o‘ninchi cheklovlar paketini qabul qilgandi.

Bir qator mahalliy banklar “SWIFT” tizimidan uzildi, “Visa” va “Mastercard” chet elda Rossiya bank kartalariga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatdi, bir qator xorij kompaniyalari Rossiya bozoridan chiqishlarini e’lon qildi.

Avvalroq Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan sanksiya qo‘llashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

Bunga mazkur davlatlarning Rossiyaga mahsulotlar reeksport hajmi sezilarli darajada oshgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

“Izvestiya” nashri aprel oyida Yevropa Ittifoqi Rossiyag qarshi sanksiyalarning yangi paketini qabul qilishi mumkinligi haqida yozgandi.

Xabarda bu safar Yevropa Ittifoqi Rossiyaga sanksiyalar ta’sirini kamaytirishga yordam beradigan davlatlarga ham sanksiya qo‘llashni rejalashtirayotgani ma’lum qilingandi.

Sanksiyalarning yangi paketi haqidagi muzokaralar 25-fevralda Rossiyaga qarshi o‘ninchi paket tasdiqlanganidan so‘ng deyarli darhol boshlangan.


Avvalroq “Spot” AQSh Moliya vazirligi Alisher Usmonovning “USM” xoldingi va uning sho‘ba korxonalariga qarshi sanksiyalar kiritgandi.