Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni oshirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi.

Yig‘ilishda bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish choralari muhokama qilindi. Xususan, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hududlarda yangicha ishlashi kerakligi ta’kidlandi.

Salohiyatli tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlab, yangi ish o‘rni yaratishga rag‘batlantirish masalasi ko‘rib chiqildi. Buning uchun ular bilan malakali ishchi tayyorlash bo‘yicha shartnoma tuziladi. Ya’ni, korxonalarda ko‘plab “amaliy monomarkaz"lar tashkil qilinadi.

Davlat bunga zarur mablag‘lar ajratish bilan birga, infratuzilma, kredit, soliq va boshqa masalalar bo‘yicha yengilliklar beradi. Tadbirkor esa kambag‘al aholini daromadli ish bilan ta’minlaydi.

Mutasaddilarga bu tizimni barcha tuman va shaharlarda joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga Xitoydan ekspertlar jalb qilindi. Xitoy tajribasi asosida har bir viloyatda bittadan tumanni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha alohida dastur amalga oshirilishi belgilandi.

Bunda kambag‘allik yuqori bo‘lgan tumanlarda yo‘l-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga e’tibor qaratiladi.

Bosh vazir o‘rinbosariga buning uchun zarur infratuzilma masalasini hal qilish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yilda oilaviy tadbirkorlikka 13 trln so‘m kredit va 1,5 trln so‘m subsidiyalar ajratilayapti. Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash bo‘yicha 37 turdagi subsidiyalar mavjud.

Lekin ularni ajratish shartlari oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, loyihaning o‘zini o‘zi oqlash muddatidan qat’iy nazar, barcha uchun deyarli bir xil.

Shu bois kredit va subsidiyalarni har bir kambag‘al oilaga alohida yondashuv asosida taqdim etish taklifi bildirildi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligini xalqchil tizimga aylantirish, 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallaning o‘zida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Davlat rahbari yil boshida mamlakatda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.

Unda aynan, Xitoydan kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ekspertlar jalb qilinishi ta’kidlangandi.