Joriy yilning yanvar-aprel oylarida Oʻzbekistonga turistik maqsadda tashrif buyurgan xorijliklar soni 2 mlndan oshgan. Bu haqda Statistika agentligi maʼlumotlarida qayd etilgan.

Xususan, 4 oyda kelgan chet ellik fuqarolarning eng koʻpi Tojikistonga toʻgʻri keladi. Bu davrda mamlakatdan jami 623,8 mingdan ortiq sayyoh kelgan.

Undan keyingi oʻrinlarda Qozogʻiston (558,8 ming) va Qirgʻiziston (487,7 ming) fuqarolari turibdi.

Sayyohlar koʻp tashrif buyurgan davlatlar beshligini Rossiya (207,7 ming) va Turkiya (29,7 ming) yakunlab berdi.

Shuningdek, dastlabki oylarda Turkmaniston (14,2 ming), Janubiy Koreya (9,2 ming), Hindiston (8,3) hamda Germaniyadan (5,7 ming) ham sayyohlar oqimi kuzatilgan.

O‘zbekistonga kelgan chet el fuqarolarining safar maqsadlari quyidagicha shakllangan:

  • qarindoshlarni yo‘qlash — 1,7 mln;
  • dam olish — 185,9 ming;
  • xizmat yuzasidan — 38,6 ming;
  • davolanish — 22,7 ming;
  • tijorat — 14 ming;
  • o‘qish maqsadida — 4 ming.

Joriy yilning dastlabki ikki oyida Oʻzbekistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni 871 mingni tashkil etgandi.

2022-yilda O‘zbekistonga sayyohlar asosan Qozog‘iston (1551,1 ming kishi), Tojikiston (1447,8 ming kishi) va Qirg‘izistondan (1356,9 ming kishi) kelgan.

Mart oyida davlat rahbari turizm sohasida rivojlantirish bo‘yicha topshiriq va vazifalar belgiladi.