“Wildberries” O‘zbekistonda maishiy texnika va elektronika sotuvchilari uchun o‘zining savdo komissiyasini kamaytiradi. Bu haqda “Spot"ga kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, 24-maydan onlayn platformada robot changyutgichlar, kompyuterlar, o‘yin pristavkalari, oshxona anjomlari kabi 500 dan ortiq tovarlarni sotuvchi mahalliy tadbirkorlar uchun savdo komissiyasi 2%dan pasaytiriladi.

Shuningdek, ma’lum toifalarda, masalan, noutbuklar va smartfonlarni sotishda, savdo modelidan qat’i nazar, minimal komissiya 3% dan boshlanadi.

Ta’kidlanishicha, bu O‘zbekiston tadbirkorlariga bozorda onlayn biznes yuritish xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.

“Buning natijasida tadbirkorlar aholi uchun maishiy texnika va elektronika assortimentini hamyonbop narxlarda sotish hamda savdo hajmini kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq kompaniya O‘zbekistonda o‘zining birinchi saralash markazini ochgandi. Bunda sotuvchilar buyurtmalarni onlayn qabul qiladi, keyin ularni saralash markaziga yetkazib beradi, u yerdan tovarlar xaridorlarga yuboriladi.

“Wildberries” allaqachon O‘zbekistondagi tadbirkorlar bilan hamkorlik qilmoqda. Bugungi kunga qadar platformada 200 ga yaqin mahalliy savdogar roʻyxatdan oʻtgan.