YeOII, SHHT va BRIKS umumiy to‘lov kartasini yaratishi mumkin.

Bu haqda Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi boshqaruvi raisi Mixail Myasnikovichga tayanib “Belta” nashri xabar berdi.

“Biz SHHT va BRIKSdagi hamkasblarga salohiyatimizni birlashtirishni taklif qilamiz. Xususan, raqamli valyutalardan foydalanish va umumiy to‘lov kartasini chiqarish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlar haqida gapirish mumkin”, — dedi Mixail Myasnikovich.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bu bo‘yicha tegishli o‘zgarishlar mavjud.

Shuningdek, hozirda YeOII mamlakatlari o‘rtasida milliy valyutalarda hisob-kitoblar ulushi qariyb 80%ni tashkil etishi ta’kidlangan.

2022-yili o‘tkazilgan BRIKS xalqaro biznes forumida YeIK hay’ati raisi maslahatchisi Vladimir Kovalyov YEOII va BRIKS o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik doirasida to‘lov va hisob-kitob infratuzilmalarini birlashtirish bo‘yicha ishlar tashkil etilishi mumkinligini bildirgan.

BRIKS — besh davlat, Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy hamda Janubiy Afrikadan iborat davlatlararo birlashma hisoblanib, 2006-yili tashkil etilgan.