Shveysariyaning eng yirik banki “UBS” o‘zining raqobatchisi “Credit Suisse"ni sotib olish yakunlanganini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Forbes Russia” kredit tashkiloti matbuot xizmatiga tayanib.

“Financial Times” nashrining ma’lum qilishicha, “UBS” tomonidan sotib olinganidan so‘ng “Credit Suisse” bir qancha keskin cheklovlarga uchragan.

Ikki bank birlashtirilgan birinchi kundan boshlab “UBS” “Credit Suisse” xodimlariga bir qator faoliyatni taqiqlovchi yigirmaga yaqin “qizil chiziqlar” ro‘yxatini tuzgan.

Jumladan, “Credit Suisse” xodimlariga xavf darajasi yuqori bo‘lgan qator mamlakatlardan yangi mijozlarni jalb qilish taqiqlangan.

Ular orasida MDH davlatlaridan O‘zbekiston, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya va Belarus hamda Moldova bor.

Shuningdek, Afg‘oniston, Albaniya, Burkina-Faso, Kongo Demokratik Respublikasi, Salvador, Eritreya, Efiopiya, Gvineya, Gaiti, Iroq, Kosovo, Liviya, Myanma, Nikaragua, Falastin, Janubiy Sudan, Shri-Lanka, Sudan, Venesuela, Yaman va Zimbabve ham bor.

Mazkur tartib pul yuvish, poraxo‘rlik va korrupsiya xavfini cheklash uchun amalga oshirilayotgani ta’kidlangan.

Qayd etilishicha, “UBS” muvofiqlik bo‘limi tomonidan tuzilgan taqiqlar, “Credit Suisse"ni qulashdan qutqarish uchun uch oy oldin Shveysariya hukumati tomonidan tashkil etilgan tranzaksiya bilan bog‘liq xavflarni kamaytirish uchun mo‘ljallangan.


Avvalroq “Spot” Yevropa Ittifoqi Rossiyaga yordam berayotgani uchun O‘zbekiston kompaniyalariga sanksiya kiritishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.