Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi 1-iyul holatiga xususiy va davlat tashkilotlarida rasmiy band bo‘lgan o‘zbekistonliklarga oid ma’lumotlarni taqdim etdi.

Mamlakatda jami ishga joylashgan xodimlar soni 5,5 mlnni tashkil etib, 553,7 mingtasi bandlik bo‘limlari orqali (2022-yilning 3-martidan boshlab), 4,9 mlni mustaqil ravishda ishga joylashgan.

Davlat tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan xodimlar soni 2,2 mlnni, xususiy sektorda esa 3,3 mlnni tashkil etmoqda.

Shu bilan birga, davlat va nodavlat sektorda 70,8 mingdan ortiq imkoniyati cheklanganlar, 601,7 mingdan ortiq pensioner xodimlar faoliyat yuritmoqda.

Ishlovchi talabalar soni 110,9 mingni tashkil etib, shundan 57%i davlat sektorida, 40%i nodavlat sektorda hamda qolgan 3%i ikkala sektorda ham ishlashadi.

ish o'rinlari, kambag‘allikni qisqartirish

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan xodimlari soni 1,2 mlnni tashkil etib, boshqa sohalarga nisbatan eng yuqori ko‘rsatni qayd etgan.

Undan keyingi o‘rinlarda ishlab chiqaruvchi sanoat (979,8 ming), qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi (761,5 ming) sohalari yetakchilik qilmoqda.

Yagona milliy mehnat tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tgan ish beruvchilar soni 753,5 mingni, jismoniy shaxslar soni 5,5 mlnni hamda jami vakant ish o‘rinlari soni 305,5 mingni tashkil etadi.

Avvalroq joriy yilning to‘rt oyida qariyb 1 mlnga yaqin o‘zbekistonliklar ish bilan ta’minlangani haqida xabar berilgandi.