O‘zbekiston valyuta birjasi bosh direktori Rashid Usmanov boshchiligidagi delegatsiyasining Londonga tashrifi doirasida “Bloomberg” kompaniyasi bilan strategik bitim imzolandi. Bu haqda valyuta birjasi matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjat bilan market-data va statistik ma’lumotlarni translyatsiya qilish belgilangan.

Xususan, chet el valyutalari, davlat obligatsiyalari, derivativlar, banklararo pul bozoridagi o‘rtacha tortilgan hajm va narxlar bo‘yicha kotirovkalar va boshqa turdagi ma’lumotlar translyatsiya qilinadi.

Mazkur ma’lumotlar yirik xorijiy investorlar va treyderlarga joriy bozor tendensiyalari va tahliliy ma’lumotlardan kelib chiqib, O‘zbekiston iqtisodiyotiga ko‘proq investitsiya kiritish maqsadida tezkor va samarali qarorlar qabul qilishga ko‘maklashadi.

“Bitimning imzolanishi O‘zbekistonning birja va moliya bozorlariga potensial xorijiy investorlar uchun axborot „oynasini“ ochadigan muhim voqea bo‘ldi”, deyiladi xabarda.

Bloomberg jahon moliya bozorining professional ishtirokchilari uchun moliyaviy ma’lumotlarning yetakchi provayderlaridan biri bo‘lib, deyarli barcha jahon birjalarida va ko‘plab birjadan tashqari bozorlarda joriy va tarixiy bozor ma’lumotlari bilan ta’minlovchi kompaniya hisoblanadi.


Avvalroq “Hayot Bank”, “Yangi Bank”, “Smart Bank” hamda “Apex Bank"lar O‘zRVB a’zoligiga qabul qilingani haqida xabar berilgandi.