Hukumat qarori bilan avtomobilda yuk va yo‘lovchilarni xalqaro tashishga ruxsatnomalarni ayirboshlash kvotasini belgilash, taqsimlash, berish va ulardan foydalanish tartibi bo‘yicha nizom qabul qilindi.

Unga ko‘ra, ruxsatnomalarda avtomobilda yuk va yo‘lovchilarni xalqaro tashish turlari (ikki tomonlama, tranzit yoki uchinchi davlatga yoki davlatdan tashish) va ulardan foydalanish shartlari ko‘rsatiladi.

Ruxsatnomalar quyidagi asosiy turlarga bo‘linadi:

  • ikki tomonlama yuk tashish uchun;
  • tranzit yuk tashish uchun;
  • uchinchi davlatga/dan yuk tashish uchun;
  • ikki tomonlama/tranzit yuk tashish uchun;
  • ikki tomonlama qatnovlarda yo‘lovchilarni nomuntazam tashish uchun;
  • tranzit qatnovlarda yo‘lovchilarni nomuntazam tashish uchun;
  • ikki tomonlama/tranzit qatnovlarda yo‘lovchilarni nomuntazam tashish uchun.

Xorijiy yoki ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni olish uchun arizani milliy tashuvchi o‘zining ERIsi bilan tasdiqlagan holda “E-avto ruxsatnoma” AAT orqali taqdim etadi. Arizalar olingan kundan 1 ish kunida ko‘rib chiqiladi.

Ruxsatnomani berish yoki rad etish “E-avto ruxsatnoma” AATda avtomatik tarzda amalga oshiriladi.

Mazkur hujjat berilgan kundan 90 kalendar kun ichida vakolatli organga qaytarish sharti bilan tashuvchilarga beriladi.

Har bir beriladigan xorijiy yoki ko‘p tomonlama ruxsatnoma uchun BHMning to‘rtdan biri (82,5 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.

Milliy tashuvchi tomonidan unga berilgan xorijiy/ko‘p tomonlama ruxsatnomalarni yoki ular bo‘yicha huquqlar uchinchi shaxslarga berilganligi aniqlangan taqdirda, quyidagi tarzda “E-avto ruxsatnoma” AATda avtomatik ravishda ruxsatnomalar berilishi to‘xtatiladi:

  • ushbu tashuvchiga — 3 oy muddatga;
  • yil davomida qayta aniqlansa — 6 oy muddatga.

Avvalroq “Spot” yo‘lovchilarni va yuklarni xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashishga litsenziyani qanday olish mumkinligi haqida qo‘llanmani taqdim etgandi.