“Astana Hub” Silikon vodiysida o‘tkaziladigan “Hero Training” akseleratsiya dasturining ikkinchi to‘lqiniga arizalar qabul qilmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.

Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Turkiya, Mo‘g‘uliston hamda Gruziya mamlakatlarining startaplari ishtirok etishi mumkin.

Dastur ikki bosqichda amalga oshiriladi:

  • onlayn pre-akseleratsiya;
  • Silikon vodiysining o‘zida oflayn akseleratsiya.

Birinchi bosqichda eng istiqbolli deb topilgan 80 ta loyiha ikki haftalik onlayn dasturda qatnashish imkoniga ega bo‘ladi.

Unda xalqaro venchur fondlaridan investitsiyalarni jalb qilish, mahsulotni ishlab chiqish va ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha tushunchalar beriladi.

Keyingi bosqichda esa eng yaxshi 15 ta jamoa Kaliforniyada o‘tkaziladigan oflayn treningga yo‘llanma qo‘lga kiritadi.

Akselerator 5 hafta davom etadi va quyidagi mavzularni qamrab oladi:

  • kelajak loyihasini ko‘rish (vision);
  • moliyaviy va boshqa resurslar;
  • amalga oshirish kuchi va tezligi;
  • ijodkorlik;
  • huquqiy jihatlar;
  • bozorda omon qolish;
  • eng yaxshi pitching.

Bundan tashqari, intensiv ishtirokchilar 20 hafta davomida Draper universiteti rezidentlik dasturida ishtirok etishlari mumkin. Bu AQSh bozoriga kirish uchun yashash va ish joylarini o‘z ichiga oladi.

Draper innovatsion ekotizimining a’zolari finalchi startaplarga investitsiyalarni jalb qilish va chet el bozorlarida mahsulot chiqarishga yordam beradi.

Uning tarkibiga tajribali tadbirkorlar, ekspertlar, korporativ hamkorlar va investorlar kiradi.

Dasturda ishtirok etishni xohlovchi startaplar 6-avgustgacha havola orqali ariza jo‘natishlari mumkin.

Batafsil ma’lumotni bu yerda.


Avvalroq Gruziyada o‘tkaziladigan “500 Global Investment Accelerator” dasturining beshinchi to‘lqiniga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.