Hukumat qarori bilan, mahallalarda kasanachilikni tashkil etgan tadbirkorlarga subsidiya ajratish bo‘yicha nizom tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, mablag‘lar Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan ajratiladi. Bu bo‘yicha yil boshida qabul qilingan prezident qarorida ta’kidlangandi.

Kasanachilikni tashkil qilgan tadbirkorlarga ular faoliyatining dastlabki 3 oyida bir oylik o‘rtacha daromadi miqdorida 1 martalik subsidiya beriladi.

Subsidiya olish uchun hokim yordamchisi tavsiyasi asosida mahalliy mehnat organiga yoki Yagona portal orqali murojaat qilishi mumkin.

Murojaatda kasanachi ma’lumotlari, subsidiya to‘lab berilishi lozim bo‘lgan hisobvaraq va manzili ko‘rsatiladi.

Qabul qilingan murojaatlar 3 ish kunida ko‘rib chiqiladi hamda subsidiya ajratish quyidagi holatlarda rad etilishi mumkin:

  • hujjatlar to‘liq taqdim qilinmaganida;
  • kasanachi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi yoki fuqarolik-huquqiy shartnomasi Yagona elektron shartnomalar portalida ro‘yxatdan o‘tkazilmaganda;
  • kasanachining dastlabki 3 oy davomidagi daromadi haqidagi ma’lumot haqqoniyligi tasdiqlanmasa.

Agar ariza rad etilsa 1 kunda bu haqida murojaatchiga xabar beriladi.

Subsidiya ajratish haqida qaror qabul qilinganida 5 ish kunida subsidiya murojaatchiga o‘tkazib beriladi.

2022-yilning aprel oyida “Kasanachilikni rivojlantirish asosida aholi bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilingandi.

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kasanachilar soni kamida 10 nafar bo‘lgan tadbirkorlarga kredit summasining 75%i miqdorigacha kafillik beriladi.

Shu yilning oktabridan esa kasanachilarga ajratiladigan subsidiya miqdori 3 mln so‘mdan 4,5 mln so‘mgacha oshiriladi.

Joriy yil boshida kasanachilikni rivojlantirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilinib, ish beruvchilarga o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni kasanachi sifatida jalb qilishga ruxsat berildi.