Birinchi yarim yillikda davlat budjeti xarajatlarining o‘sishi qisman gaz importining oshishi bilan bog‘liq. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar beradi “Spot” muxbiri.

Markaziy bank o‘z press-relizida birinchi yarim yillikda 5,6%ni tashkil etgan iqtisodiy o‘sish budjet xarajatlarining o‘sishini, jumladan, ish haqi va nafaqalarni oshirishni qo‘llab-quvvatlaganini qayd etgandi.

Regulyator rahbari davlat xarajatlarining oshishini gaz importining ko‘payishi uchun to‘lov bilan izohladi.

“Boshqa yillarga nisbatan birinchi yarim yillikda budjet xarajatlarida ma’lum o‘sish kuzatilmoqda. Bu, birinchi navbatda, gaz importining oshishi bilan qisman bog‘liq. Gazning jahon narxlari bilan mahalliy narxi o‘rtasidagi bu farq budjet hisobidan to‘langan”, — dedi u.

Bundan tashqari, Markaziy bank raisi davlat budjeti taqchilligi YaIMning 3%idan oshib ketishinini qayd etdi. Biroq, u o‘zining yil yakuni bo‘yicha prognozlarini bildirmadi va buni hukumat nazorati ostida bo‘lmagan ko‘plab omillar mavjudligi bilan izohladi.

Shuningdek, regulyator rahbari prezident tomonidan hukumat oldiga davlat budjeti taqchilligini YaIMga nisbatan 3% darajasida ushlab turish vazifasi qo‘yilganini qayd etdi.

2023-yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, konsolidatsiyalangan budjet taqchilligining cheklangan miqdori YaIMning 3%iga teng. Hukumat davlat budjeti taqchilligini qoplash uchun $2 mlrdlik tashqi qarz mablag‘larini jalb qilishi mumkin.

Avvalroq “Spot” joriy yilning birinchi yarmida xorijdan O‘zbekistonga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari hajmida kamayish kuzatilgani haqida yozgandi.