“O‘zbekiston temir yo‘llari” va Italiyaning “Arsenale Group” kompaniyalari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Tomonlar hamkorlik va umumiy loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilib, unda Italiya kompaniyasining “Luxury Touristic Train” nomli yangi turistik poyezdi taqdim etildi.

“Hashamat va qulaylikni” taqdim etishi ta’kidlangan mazkur poyezd Toshkent-Samarqand-Buxoro-Xiva-Toshkent yo‘nalishida yo‘lga qo‘yilishi taklif qilinmoqda.

Uchrashuvda tomonlar qo‘shma korxona tashkil etish, yo‘nalishlar va jadvallarni ishlab chiqish hamda loyiha bo‘yicha amaliy ishlarni boshlashni nazarda tutuvchi hamkorlik shartnomasini muhokama qilishga tayyorligini bildirdi.

“„Arsenale Group“ kompaniyasi bosh direktori Paolo Barletta Yevropadan O‘zbekiston orqali Xitoyga sayyohlik poyezdini yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Men bu loyihaning amalga oshirilishini muhim qadam deb bilaman”, — deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Xikmatulla Raxmetov.

Uning ta’kidlashicha, Italiya tomoni kompaniya bilan qo‘shma korxona tashkil etish taklifini ham bildirgan. Barcha kelishuvlarni amalga oshirish natijasida Yevropadan Kavkaz orqali, Rossiya orqali, O‘zbekiston orqali Xitoyga tezyurar sayyohlik poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

“Arsenale Group” — muhandislik, qurilish, transport va turizm kabi turli biznes sohalariga ixtisoslashgan italyan kompaniyasi. U o‘zining innovatsion yechimlari, yuqori sifatli mahsulotlari va keng ko‘lamli xizmatlari bilan mashhur.

Iyun oyida Shavkat Mirziyoyev Italiyaga tashrifi davomida italiyalik ishbilarmonlarni O‘zbekistonga taklif qilgandi.