Prezidentining tegishli farmoniga asosan 2023/2024-o‘quv yilidan boshlab pedagogik kasblarga birinchi marta ishga qabul qilinadigan oliy ma’lumotli talabgorlar stajor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritishi belgilangan.

Shu munosabat bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan stajor-o‘qituvchilarni ishga qabul qilish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, ilk bor ishga qabul qilingan stajor-o‘qituvchilardan ishga qabul qilingan vaqtdan boshlab bir yil muddat davomida kasbiy sertifikatga ega bo‘lishi talab etiladi.

Stajor-o‘qituvchilarga ular kasbiy sertifikat olguniga qadar oliy ma’lumotli (toifasiz) o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi qo‘llaniladi.

“O‘qituvchi-stajor” bilan Mehnat kodeksining 104-moddasida muvofiq mehnat shartnomasiga kiritilishi shart bo‘lgan holatlar, jumladan o‘qituvchi-stajorlarning bir yil davomida kasbiy sertifikat olishi majburiyati ko‘rsatilgan holda mehnat shartnomasi tuziladi.

Shu munosabat bilan, vazirlikning 2023-yil 9-avgustdagi tegishli xati bilan o‘qituvchi-stajorlarni ishga qabul qilish jarayonini mazkur ko‘rsatmalarga muvofiq amalga oshirish vazifalari yuklatildi.

Farmonga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga 2023-yil 1-noyabrga qadar umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat yuritadigan pedagog kadrlarni kasbiy sertifikatlash sinovlaridan o‘tkazish tartibini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish hamda 2024-yildan boshlab tizimni amaliyotga joriy etish topshirilgan.


Avvalroq o‘qituvchilarga malaka toifasini berish bo‘yicha sinovlar 2 bosqichda tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.

Birinchi bosqichda talabgorning mutaxassislik fani bo‘yicha bilimi, ikkinchisida pedagogik mahorati baholanadi.

Shuningdek, malaka sertifikati olgan pedagoglarning oylik maoshiga 70%gacha miqdorida ustama to‘lanishi mumkin.

Shu bilan birga, bog‘chalarga malakali tarbiyachilarni jalb qilish uchun 2024-yil 1-iyundan ularning ish haqi stavkalari maktab o‘qituvchilarinikiga tenglashtiriladi.

Malakali rahbarlar muhitini shakllantirish maqsadida hududlarda eng tajribali direktorlardan iborat “Direktorlar kengashi” tashkil etiladi.

Endi maktab direktorlari lavozimga mazkur kengash tavsiyasi bilan ochiq tanlov asosida tayinlanadi.

Shuningdek, vazirlikning tuman (shahar) bo‘limlarining maktablar faoliyatini tekshirish va ta’lim sifatini baholash vakolatlari tugatiladi.

Xususiy maktablarni tashkil qilishda qo‘yilgan talablar yengillashtiriladi.


Avvalroq “Spot” yuqori natijalarga erishgan pedagoglarga har oyda 50%gacha ustama to‘lash tizimi joriy etilishi haqida yozgandi.