Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda quyosh panellari o‘rnatish bilan bog‘liq ko‘zbo‘yamachiliklar haqida xabarlar tarqalgandi. Bu bo‘yicha Energetika vazirligi hamda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatlari munosabat bildirdi.

Bu bo‘yicha, bojxona xodimlaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan istalgan shartli joyga oldindan ma’lum qilinmagan reydlar amalga oshirilib, qat’iy monitoring ishlari olib borilayotgani ta’kidlangan.

O‘rnatilayotgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari va ular orqali ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bojxona organlari tomonidan ishlab chiqilgan “Yashil energiya” axborot tizimida muntazam qayd etib borilmoqda.

Tizim Soliq qo‘mitasining “Keshbek”, “Hududiy elektr tarmoqlari"ning “ASKUE” axborot tizimlariga hamda Kadastr agentligining Ma’lumotlar bazasi bilan integratsiya qilingan.

Aholi tomonidan o‘rnatilgan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasining o‘z ehtiyojidan ortiqcha qismi uchun har bir kilovatt/soatga 1000 so‘mdan subsidiya berilmoqda.

Ayni paytgacha 4 534 ta xonadon bilan shartnomalar tuzilib, ulardan tarmoqqa 720 ming kilovatt/soat elektr energiyasi qabul qilib olingan.

“To‘g‘ri, „guruch kurmaksiz bo‘lmaydi“. Joylarda ko‘zbo‘yamachilik qilishga, davlatni ham, o‘zini ham aldashga urinishlar bo‘lishi tabiiy hol”, deyiladi xabarda.

Aniqlangan bu kabi holatlarga zudlik bilan huquqiy baho berilib, bunga yo‘l qo‘yganlarga nisbatan tegishli ta’sir choralari ko‘rib kelinmoqda.

Bu kabi holatlar yuz berganda Bojxona qo‘mitasining 1108 hamda “Hududiy elektr tarmoqlari"ning 1154 raqamlari orqali xaabr berish hamda huquqni muhofaza etuvchi organlarga murojaat qilish mumkin.

Joriy yilning fevral oyida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha MCHJ shaklidagi “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etildi.

Undan keyin mazkur kompaniyaga dastlabki $10 mln yo‘naltirilishi hamda joriy yilda tadbirkorlar, ijtimoiy soha va aholi xonadonlarida 1 ming 700 Megavatt quvvatli quyosh panellarini o‘rnatish belgilangani qayd etildi.

Joriy yilning 12-avgust kunigacha jami 41 885 ta obyektga 267,3 megavatt quvvatli quyosh panellari o‘rnatildi. Xususan, quyidagicha quyosh panellari o‘rnatilib, ishchi holatiga keltirgan:

  • ijtimoiy soha va davlat idoralarining 7 378 ta obyektiga 144,9 megavatt quvvatga teng;
  • tadbirkorlarning 7 452 ta bino-inshootiga 72,8 megavatt quvvatga teng;
  • aholining 26 891 xonadoniga 47,1 megavatt quvvatga teng;
  • 2023-yilda foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylarning 164 tasiga 2,4 megavatt quvvatga teng.

Iyun oyi oxirida “Yashil Energiya” va Xitoyning “Tongwei Solar” kompaniyasi o‘rtasida umumiy quvvati 300 MWgacha bo‘lgan fotoelektr modullarni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangandi.