O‘zbekistonda 38 ming o‘rinli 83 ta talabalar turar joylarini barpo etish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shundan, davlat-xususiy sheriklik asosida 23 494 o‘rinli 50 ta, oliygoh va budjet mablag‘lari va oliygohlarning to‘liq o‘z mablag‘lari hamda investitsiya dasturi doirasida 10 660 o‘rinli 21 ta talabalar turar joylari qurilishi uchun zarur mablag‘lar ajratilgan.

Joriy yilning 1-iyul holatiga 4 702 o‘rinli 12 ta talabalar turar joylari foydalanishga topshirilgan hamda hozir 24 394 o‘rinli 51 ta talabalar turar joylarini qurish ishlari davom etmoqda.

Sentabrgacha mamlakat bo‘yicha jami 6 400 o‘rinli 11 ta talabalar turar joyi foydalanishga topshiriladi.

Shundan, Toshkent shahri Talabalar shaharchasi hududida jami 3 ta 1800 o‘rinli quyidagi TTJda qurilish, ta’mirlash ishlari to‘liq yakunlanadi:

  • O‘zbekiston milliy universiteti uchun 1 ta 400 o‘rinli;
  • Toshkent davlat texnika universiteti uchun 1 ta 800 o‘rinli;
  • Toshkent tibbiyot akademiyasi uchun 1 ta 600 o‘rinli.

Yil yakuniga qadar Davlat dasturida belgilangan 18 ming o‘rinli talabalar turar joylari to‘liq qurib bitkaziladi.

Toshkentda ijara uylarini topish muammosi

Hozirgi kunda 48 976 nafar talabaning (30%) turar joyga ehtiyoji mavjud, ularning ijara shartlari asosida xususiy xonadonlarda yashashiga to‘g‘ri keladi.

Qayd etilishicha, 23 774 ta talaba (2, 3, 4-kurslar) Toshkent shahrida ijara xonadoni mavjud ekanligini ma’lum qilgan. Ya’ni, ularning aksariyati avvaldan yashab kelayotgan ijara uylarini saqlab qolishgan yoki oldindan ijara uylarini band qilib qo‘yishgan.

Shu holatda ijara xonadonlariga joylashishga muhtoj bo‘lgan (yotoqxonadan joy berilmagan, o‘z uyi, yaqin qarindoshi mavjud bo‘lmagan va ijara xonadoni ham aniq bo‘lmagan) talabalar 25 202 nafarni tashkil etmoqda.

Tahlillardan kelib chiqib, OTMlarda barcha tyutorlarni to‘liq jalb qilgan holda mahalla raislari bilan hamkorlikda bo‘sh turgan ijara xonadonlarini topish ishlari amalga oshirildi. Uy egalari bilan birma-bir suhbatdan keyin jami 8 438 ta ijara xonadonlarining manzilli ro‘yxatlari shakllantirilgan.

Mazkur xonadonlarga 24 254 ta talabani joylashtirish imkoni mavjud. Ayni paytda qolgan 948 nafar talabaga qo‘shimcha ijara uylarini topish ishlari davom etmoqda.

Shuningdek, Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda bo‘sh turgan ijara xonadonlarining ta’mirlanishi va jihozlanishi belgilangan. Bo‘sh turgan ijara xonadonlari to‘g‘risidagi manzilli ro‘yxat barcha talabalarga yetkazilmoqda.

Qayd etilishicha, yangi o‘quv yilida talabalarni ta’mirlangan va bo‘sh turgan ijara xonadonlariga joylashtirish ishlari tashkil etiladi. OTMlarga kirish imtihonlari yakunlangach, talabalar qayerda yashashi mumkinligi haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lishi ta’minlanadi.

Talabalar turar joyi bilan to‘liq ta’minlash imkoniyati bo‘lmagan OTM mas’ullari tomonidan yangi topilgan ijara uylari (ro‘yxat bo‘yicha taxminiy tanlov asosida) hamda ijara uylari haqidagi ma’lumotlar (manzili, xonadon egasining ismi sharifi, telefoni, ijara uyining narxi ko‘rsatilgan holda) e’lon qilingan infokioskalar tashkil etilgan.

Bundan avval OTM talabalarini turar-joy bilan ta’minlash tizimini yaxshilashga qaratilgan hukumat qarori qabul qilindi.

2023−2024 o‘quv yilida arizalarni 20-avgustdan Yagona portal orqali jo‘natish mumkin. Keyinchalik 1-avgustdan boshlab o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi.

Talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismi ijara shartnomasining summasidan qat’i nazar quyidagicha qaytarib beriladi:

  • Toshkent shahrida — BHMning bir baravari (330 ming so‘m);
  • qolgan hududlarda — BHMning yarim baravari (165 ming so‘m).

Quyidagi toifadagi talabalar ustuvorlik asosida talabalar turar joylariga qabul qilinadi:

  • “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari"ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari"da turadigan talabalar;
  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;
  • bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
  • xalqaro fan olimpiadalari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
  • “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan talabalar;
  • oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
  • talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar.

Avvalroq Toshkentda talabalarni yotoqxona va ijara uylariga joylashtirish markazlari tashkil etilishi ma’lum qilingandi.