AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda USAID administratori o‘rinbosari Izabel Koulman o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda, tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.

Memorandum USAIDning O‘zbekiston hukumati bilan “Raqamli O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

USAID yoshlar va ayollarni IT sohasiga jalb qilish, texnik ta’lim muassasalarini o‘zaro bog‘lash, xususiy sektor o‘sishini rag‘batlantirish orqali mamlakatda IT va kommunikatsiya sohalarini rivojlantirishga ko‘maklashmoqchi.

Agentlik 2022-yilda O‘zbekistonda turli loyihalarni amalga oshirdi. Masalan, “Yoshlarni ish bilan ta’minlash ko‘nikmalari” (YES) dasturi uchun $10 mln ajratgandi.

Undan keyin mamlakatda ta’limni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha $5 mlndan ortiq mablag‘ ajratgani ma’lum qilindi.