Dunyoning eng mashhur brendlari o‘zbekistonlik korxonalar bilan ishlashga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda davlat rahbari tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda qayd etdi.

“Yillik bozori $100 mlrddan oshadigan dunyoning eng mashhur 50 ta brendi korxonalarimiz bilan ishlashga qiziqishmoqda. Ispaniya, Germaniya, Polsha, Turkiyaning yirik brendlari bilan muzokaralar o‘tkazilgan. Ular mahalliy korxonalarimizga $3 mlrdlik buyurtma berishga hozirning o‘zida tayyor”, — dedi prezident.

Buning quyidagi 3 ta eng katta masalasi hal qilinadi:

  • ishlab chiqarishga xalqaro standartlar, ekologiya va sertifikatlash talablari joriy qilinadi. Buning uchun mahalliy korxonalarning mutaxassislari ularning talabi asosida o‘qitiladi;
  • mahalliy korxonalardagi ishchilarga munosib mehnat sharoitlari yaratib beriladi;
  • brendlarning mahsulotlarini olib kirish va eksport qilish uchun qulay bojxona rejimi joriy qilinadi.

Yirik brendlarni jalb qilgan korxonalarga 50 mln so‘mdan grant ajratiladi.

Prezident Germaniyaning “Dizel” brendini jalb qilgan Namangandagi “Fazman tekstil” korxonasiga hamda AQShning “Nike” brendini jalb qilgan Andijondagi “Sino international” korxonasiga birinchi bo‘lib ushbu grantni berishni taklif qildi.

Bundan oldin, biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mavjud jamg‘armalarning faoliyati va ishlash usuli o‘zgartirilishi ma’lum qilgandi.