Saudiyalik tadbirkor O‘zbekiston turizm infratuzilmasini rivojlantirishga sarmoya kitirish niyatida, deya xabar berdi “Dunyo” nashri.

O‘zbekistonning Jiddadagi Bosh konsulxonasi mamlakatda turizm infratuzilmasini rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish maqsadida Toif shahridagi tadbirkor Yusuf Turkistoniy bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda Yusuf Turkistoniy O‘zbekistondagi biznesini kengaytirish harakatida ekanligini ta’kidlab, Farg‘ona vodiysida “Arablar shaharchasi” nomi ostida turistik dam olish maskanini barpo etish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Mazkur turistik maskanni Farg‘ona shahri va Chimyon sanatoriyasi o‘rtasidagi adirliklarda 15 gektar yer maydonda barpo etish mo‘ljallanmoqda.

Loyihaning umumiy qiymati qariyb $3 mlnni tashkil etadi. Loyiha doirasida joriyi yilning sentabrida tadbirkor O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirgan.

Joriy yil boshidan Saudiya Arabistoni bilan O‘zbekiston o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi 20%ga, qo‘shma korxonalar soni ikki barobarga oshgan.

Iyul oyida Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan sammitda Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni bir qator yo‘nalishlarda kengaytirishni taklif etib, beshta yo‘nalish bo‘yicha amalaga oshirish kerak bo‘lgan tashabbuslarni ilgari surgandi.

Yil boshida Saudiya Arabistonining “Sabic”, “Saudi Telecom”,"Jamjoom Pharma" kabi kompaniyalari va Saudiya Milliy banki bilan muqobil energiya, bank sektori, kimyo, farmatsevtika sanoati, telekommunikatsiyalar, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi va chakana savdo kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan konstruktiv fikr va takliflar almashilgandi.