Xitoy bilan turli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha $190mlnlik kelishuv amalga oshirildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Uga ko‘ra, vazir o‘rinbosari Sarvar Xamidov va O‘zbekistonga tashrif buyurgan Xitoy delegatsiyasi rahbari Xalqaro taraqqiyot hamkorlik agentligi raisi o‘rinbosari Den Botsin o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Muzokaralar davomida Xitoy hukumatining grant mablag‘lari hisobidan loyihalarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqilib, ikki tomonlama moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Xitoy tomoni O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarni yuqori baholadi va ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni hayotga tatbiq etishda o‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirishga tayyorligini bildirdi.

Yakunda tomonlar ustuvor yo‘nalishlarda grant loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzoladi. Mazkur hujjat qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va institutsional rivojlanish kabi sohalarda umumiy qiymati $190 mlndan ortiq bo‘lgan 14ta loyihani amalga oshirishni nazarda tutadi.

Avvalroq Xitoyning datchik va chiplar ishlab chiqaruvchi kompaniyasi O‘zbekistonda tadqiqot markazini ochishi ma’lum qilingandi.

Bundan tashqari, “Dongfeng Motor” kompaniyasi Farg‘onada elektrobuslar ishlab chiqarmoqchi. Yana ikkita kompaniya viloyatda elektromobillar uchun zaryadlovchi qurilmalar hamda quyosh panellarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshiradi.