Xitoyning uchta yirik kompaniyasi Farg‘onada investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqchi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Bu bo‘yicha viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mamlakatning “Dongfeng Motor”, “Luoyang Grasen Power Technology” hamda “Tunghsu Group” kompaniyalari vakillaridan iborat investorlarni qabul qildi.

Xitoyning eng yirik avtokonserni “Dongfeng Motor” tomonidan viloyatda “Dongfeng” elektrobuslarini, “Luoyang Grasen Power Technology” kompaniyasi tomonidan elektromobillar uchun zaryadlovchi qurilmalarni hamda “Tunghsu Group” tomonidan quyosh panellarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

“Dongfeng Motor” kompaniyasi rejalashtirayotgan loyihaning birinchi bosqichida 4 gektar maydonda elektrobuslarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Loyihaga $45 mln to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya yo‘naltirish belgilangan. Loyiha doirasida kompaniyaning elektrobuslar modellari viloyatga olib kelingan.

dongfeng motor, farg'ona, luoyang grasen power, tunghsu, xitoy

2025-yili amalga oshirilishi kutilayotgan ikkinchi bosqichda yana $50 mln investitsiya kiritish hisobiga elektrotransportlar akkumulyatorlarini hamda boshqa butlovchi qismlarini mahalliylashtirish va hududlarda texnik servis xizmatlarini tashkil etish belgilangan.

“Luoyang Grasen Power Technology” elektromobillar uchun zaryadlovchi qurilmalarni ishlab chiqarish loyihasiga $30 mln jalb qilinadi. “Tunghsu Group” kompaniyasi rahbarlari esa viloyatda quyosh panellari ishlab chiqarish loyihasiga $50 mln yo‘naltirish maqsadida ekanliklarini ma’lum qildi.

Uchta loyiha ham viloyatning Furqat tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha kerakli chora-tadbirlar yuzasidan yo‘l xaritasi ishlab chiqishga kelishildi.

Avvalroq AQShning “Medzon Health” Farg‘onada tibbiy buyumlar ishlab chiqarish zavodini qurishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

Yaponiyaning “NAGAI Clinic” kompaniyasi tomonidan Farg‘ona shahridagi 1 gektar maydonda Yapon tibbiyot va sog‘lomlashtirish shaharchasini barpo etish rejalashtirilgan.