AQSh kompaniyasi Farg‘onada tibbiy buyumlar ishlab chiqarish zavodini qurish istagida, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, viloyat hokimi o‘rinbosari Iqboljon Ergashev Saudiya Arabistonidan tashrif buyurgan ishbilarmonlar bilan uchrashdi.

AQShning tibbiy asbob-uskunalar va buyumlar ishlab chiqarish va savdosi bilan shug‘ullanuvchi “Medzon Health” hamda “Alsaadi holding” kompaniyalari boshqaruv raisi Abdul Al-Saadi va Saudiyaning “Rosemarin” kompaniyasi rahbari Bassam Al-Saadi bilan o‘tgan muloqotda o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Xususan, muzokaralar davomida tomonlar Quva tumanida 500ta ish o‘rniga ega tibbiy buyumlar ishlab chiqarish zavodi loyihasini amalga oshirish yuzasidan dastlabki kelishuvga erishdi.

Shuningdek, hududdagi mavjud shart-sharoitlar o‘rganib chiqilib, istiqboldagi hamkorlik chora-tadbirlarini ishlab chiqishga kelishildi.

Medzon Health” kompaniyasi 2015-yilda tashkil topgan. Shtab-kvartirasi Amerikaning Kaliforniya shtatida joylashgan. Turkiya, Tailand, Malayziya, Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiya kabi davlatlarda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan kompaniya Farg‘onada ham turli loyihalarni amalga oshirish istagini bildirmoqda.

Quvaytning “Gulf Care General Trade” kompaniyasi ham Farg‘onada tibbiyot va farmatsevtika, energetika, qurilish hamda tog‘-kon sanoati loyihalarini amalga oshirish istagini bildirgandi.

Yaponiyaning “NAGAI Clinic” kompaniyasi tomonidan Farg‘ona shahridagi 1 gektar maydonda Yapon tibbiyot va sog‘lomlashtirish shaharchasini barpo etish rejalashtirilgan.

Bo‘lajak shaharchada 11 ta turli yo‘nalishdagi klinikalar, 2 ta dorixona, 20 ta sog‘lomlashtirish muassasalari, massaj, fitnes kabi sport-sog‘lomlashtirish markazlari hamda tibbiy ta’lim va sog‘lom turmush tarzini o‘qitishga qaratilgan o‘quv markazlari bo‘lishi kutilmoqda.

Shuningdek, Saudiyalik tadbirkor Yusuf Turkistoniy Farg‘ona vodiysida “Arablar shaharchasi” nomi ostida turistik dam olish maskanini barpo etish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi.

Mazkur turistik maskanni Farg‘ona shahri va Chimyon sanatoriyasi o‘rtasidagi adirliklarda 15 gektar yer maydonda barpo etish mo‘ljallanmoqda. Loyihaning umumiy qiymati qariyb $3 mlnni tashkil etadi. Loyiha doirasida joriyi yilning sentabrida tadbirkor O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirgan.