Oliy ta’lim olish istagida bo‘lgan abituriyentlar uchun yana bir qator yengilliklar berilmoqda, deya xabar berdi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.

Xususan, 2023/2024-o‘quv yili uchun o‘tkazilgan bakalavriatga kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra, talabalikka tavsiya etilmaganlarga ro‘yxatdan o‘tishda tanlangan barcha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlaridan birida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish imkoniyati beriladi.

Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tishda tanlangan 2-, 3-, 4- yoki 5-bakalavriat ta’lim yo‘nalishlaridan biriga talabalikka tavsiya etilgan, biroq to‘plagan bali tanlangan birinchi yo‘nalishda to‘lov-kontrakt asosidagi o‘tish balidan past bo‘lganlar tanlangan birinchi yo‘nalishiga “super-kontrakt” asosida o‘qishlari mumkin bo‘ladi.

Bunda, abituriyentlarning kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballari asos sifatida qabul qilinadi.

Tegishli hujjat bilan, kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra, belgilangan minimal o‘tish balidan (56,7 balldan) kam ball to‘plagan abituriyentlarga ham birinchi o‘quv yiliga muayyan ta’lim yo‘nalishi uchun belgilangan “super-kontrakt” miqdorining 2 barobariga teng to‘lovni amalga oshirish sharti bilan o‘qishga kirish huquqi berilishi belgilangan.

Avvalroq 2023/2024-o‘quv yili uchun Davlat OTMlarining barcha bosqich talabalari uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari oshirilmasligi ma’lum qilingandi.

Bunda, barcha bosqichdagi talabalarning to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymati miqdori davlat OTMlari hamda moliyaviy mustaqillik berilgan oliygohlarda ham bazaviy to‘lov-kontrakt qiymati 2022/2023-o‘quv yili uchun belgilangan miqdorlarda saqlab qolinadi.

Shu bilan birga, “super-kontrakt” miqdorlari ham o‘tgan o‘quv yili uchun belgilangan miqdorlarda o‘zgarishsiz qoldi.

To‘plagan ballari qabul parametrlari chegarasiga yetmagan, lekin “super-kontrakt” asosida tahsil olish istagini bildirganlar, istisno tarzida yangi o‘quv yili boshlanishidan shartnomalar rasmiylashtirishga hamda bir yillik o‘qitish qiymatining 50%ini to‘laganlar talabalar safiga qabul qilinadi

Shuningdek, tasdiqlangan super-kontrakt qiymatini joriy yilning 15-oktabrigacha to‘liq to‘laganlarga 10% chegirma taqdim etiladi.