Shavkat Mirziyoyevning AQShga tashrifi arafasida Vashingtonda O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi o‘tkazildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

“Amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli O‘zbekiston xalqaro investitsiya doiralari, jumladan, Amerika investorlari o‘rtasida sarmoya kiritish uchun jozibador manzilga aylandi”, deyiladi xabarda.

O‘zbekistonda AQShning 300ta kompaniyasi faoliyat yuritmoqda, bu ko‘rsatkich 2017-yilga nisbatan ikki baravar ko‘p. Masalan, mamlakat iqtisodiyotining avtomobilsozlik — “General Motors”, qishloq xo‘jaligi texnikasi ishlab chiqarish — “John Deer”, “CNH”, gaz ishlab chiqarish — “Air Products”, qishloq xo‘jaligi — “Silverleafe” va boshqa sohalarida AQSh kompaniyalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, tog‘-kon sanoati, kimyo va energetika sanoati, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, elektronika, axborot texnologiyalari kabi iqtisodiyot tarmoqlari qo‘shma investisiya loyihalarini amalga oshirishning eng istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilab olingan.

Yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va uni uchinchi davlatlarga eksport qilish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etishda imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish muhimligi, barcha qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda davlat idoralarining qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi ta’kidlandi.

Tadbir davomida global raqobat, ta’minot zanjiri barqarorligini ta’minlash, ishbilarmonlik muhitini rivojlantirish, innovatsiyalarni rag‘batlantirish, strategik prognozlash, xususiylashtirish va moliyaviy-texnik hamkorlik masalalari bo‘yicha alohida sessiyalar o‘tkazildi.

Biznes-forum O‘zbekiston va AQSh vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari va kompaniyalari rahbarlarining “G2B” va “B2B” formatidagi uchrashuvlari bilan davom etdi. Unda ishtirokchilar qo‘shma korxonalar tashkil etish va o‘zaro savdo shartnomalarini tuzish masalalarini muhokama qilishdi.

Yakunda energetika, mashinasozlik, AKT, qishloq xo‘jaligi, moliyaviy-texnik va ilmiy-texnik hamkorlik, tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarish kabi sohalarda 12ta hujjat imzolandi.

Avvalroq Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Vazir Laziz Qudratovning AQShga tashrifi doirasida Jahon Banki vitse-prezidenti bilan uchrashib, Amerika kompaniyalari rahbariyati bilan muzokaralar olib borgandi.

Uchrashuvda quyidagilarga kelishildi:

  • O‘zbekiston uchun GSP dasturining benefisiar maqomini qayta tiklash;
  • mamlakatning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning 7-yig‘ilishini tashkil qilish;
  • savdo munosabatlarida to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan qo‘shma maslahat platformasini yaratish doirasida hamkorlikni faollashtirish hamda investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish;
  • ikki tomonlama soliqqa tortishdan saqlanish bo‘yicha hukumatlararo bitimlarni tayyorlash yuzasidan muzokaralar jarayonini boshlash.

Bundan tashqari, “yashil masalalar kun tartibi”, “inson kapitalini rivojlantirish”, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, DXSh mexanizmlarini joriy qilish, iqtisodiyotda davlat rolini kamaytirish, xususiylashtirish hamda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish rejalashtirildi.