O‘zbekiston AQSh bilan savdo munosabatlarida to‘siqlarni bartaraf etishga mo‘ljallangan qo‘shma maslahat platformasini yaratish doirasida hamkorlikni kengaytirmoqchi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir Laziz Qudratovning mamlakatga tashrifi doirasida AQSh Savdo vazirining o‘rinbosari, AQSh Savdo vakilining o‘rinbosari, Jahon Banki vitse-prezidenti bilan uchrashib, Amerika kompaniyalari rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi.

Uchrashuvda quyidagilarga kelishildi:

  • O‘zbekiston uchun GSP dasturining benefisiar maqomini qayta tiklash;
  • mamlakatning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhning 7-yig‘ilishini tashkil qilish;
  • savdo munosabatlarida to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan qo‘shma maslahat platformasini yaratish doirasida hamkorlikni faollashtirish hamda investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish;
  • ikki tomonlama soliqqa tortishdan saqlanish bo‘yicha hukumatlararo bitimlarni tayyorlash yuzasidan muzokaralar jarayonini boshlash.

Bundan tashqari, “yashil masalalar kun tartibi”, “inson kapitalini rivojlantirish”, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, DXSh mexanizmlarini joriy qilish, iqtisodiyotda davlat rolini kamaytirish, xususiylashtirish hamda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish rejalashtirildi.

Shuningdek, Amerika kiyim-kechak va poyabzal assotsiatsiyasi, “Starlink”, “Medtronic”, “Colourizd”, “Pfizer”, “B2Gold”, “Morgan Stanley”, “Akin Gump”, “Cerberus Frontier” va boshqa kompaniyalar rahbariyati bilan ham muzokaralar olib borildi.

Banklar, kimyo korxonalari va uyali aloqa kompaniyalarini xususiylashtirish, innovatsion vaksinalar ishlab chiqarish, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish, O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatiga texnologiyalar va dasturiy ta’minotni joriy etish loyihalarini amalga oshirish maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri AQSh investitsiyalarini jalb qilish masalalari kelishib olindi.

Avvalroq Laziz Qudratov AQShning “Air Products”, “Exxon Mobil”, “Abbott”, “HP”, “Valmont Industries”, “General Electric”, “Caterpillar”, “US Inc”, “Silverleafe” va “John Deere” kabi kompaniyalari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazgandi.

Muzokaralar davomida O‘zbekistonda energetika, sog‘liqni saqlash, suv xo‘jaligi, elektronika, tog‘-kon sanoati va qishloq xo‘jaligi uchun yirik texnikalar ishlab chiqarish, geologik-qidiruv ishlarini olib borish va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Avgust oyida prezident AQShning “Air Products” kompaniyasi boshqaruvi raisi Seyfollax Gasemini “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlagandi. Kompaniyaning Buxoroda metanoldan olefin ishlab chiqaruvchi zavod qurish bo‘yicha hujjat imzolangan.

Avvalroq AQShning “Legacy Entertainment” kompaniyasi Yangi Toshkentda mehmonxona va ko‘ngilochar majmua qurishi ma’lum bo‘lgandi.