Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Mustaqilligining 32 yilligi bilan 8ta xorijiy investorni “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi. Bu bo‘yicha prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.

  • Gurjiy Stepan Leonidovich — “Lukoyl” kompaniyasining Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika bo‘yicha vitse-prezidenti (Rossiya);
  • Muxammad Abunayyan — “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi (Saudiya Arabistoni);
  • Muxammad Jamil Al-Ramaxiy — “Masdar” kompaniyasi bosh ijrochi direktori (BAA);
  • Jemil Kazanji — “Aksa Energy” kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi (Turkiya);
  • Mexmet Jengiz — “Cengiz Holding” kompaniyasi asoschisi (Turkiya);
  • Shandor Chani — “OTP Bank” boshqaruvi raisi (Vengriya);
  • Seyfollax Gasemi — “Air Products” kompaniyasi boshqaruvi raisi (AQSh);
  • Peris Muratoglu — “Total Eren” kompaniyasi boshqaruvi raisi (Fransiya).

Farmonda qayd etilishicha, mazkur investorlar hamkorlikni rivojlantirish, mamlakat iqtisodiyotiga investitsiyalarni jalb etish, samarali innovatsion loyihalar va qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, islohotlar va demokratik o‘zgarishlarni, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilayotgan global va mintaqaviy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi xizmatlari uchun taqdirlanmoqda.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 1-avgust holatiga O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy kapital ishtirokidagi korxona va tashkilotlar soni 12 771tani tashkil etadi.

Mamlakatga kiritilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 2017-yilda $2,2 mlrd.ni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yil yakunida bu ko‘rsatkich 1,5 barobar ortib, $3,3 mlrd.ga yetdi.

2022-yilning noyabr oyida Xorijiy investorlar kengashining birinchi yalpi majlisi o‘tkazilib, prezindent keyingi 5 yilda sarmoyalar hajmini $120 mlrd.ga yetkazish, kamida $70 mlrd xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ko‘zlanganini ta’kidlagandi.

Bundan tashqari, Xorijiy investorlar kengashi huzurida doimiy faoliyat yuritadigan Investorlarning huquqini himoya qilish qo‘mitasini tashkil etish taklifi bildirildi.

Xorijiy investorlar bilan ishlashni tashkil etishning quyidagi tartibi belgilangan:

  • Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida Sarmoyadorlarni qo‘llab-quvvatlash ishchi guruhi tashkil etiladi;
  • ishchi guruh Xorijiy investorlar kengashi huzurida faoliyat yuritib, chet ellik sarmoyadorlarni kompleks va tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi;
  • investorni aeroportda kutib olishdan tortib, biznes uchun zarur ruxsatnoma va litsenziyalar berishgacha bo‘lgan barcha xizmatlarni “yagona oyna” tamoyili asosida ko‘rsatadi va boshqalar.