Bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi 27 ta sayt bloklandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Asadulla Qayumov ma’lum qildi.

Reklamaga oid qonunbuzilishlarga qarshi chora ko‘rish maqsadida bukmekerlik xizmatlariga oid reklamani targ‘ib qiluvchi saytlarga kirish bloklanmoqda.

Xususan, bukmekerlik xizmatlarni targ‘ib qiluvchi 92ta saytni bloklash bo‘yicha AOKAga takliflar kiritilib, shundan 27ta sayt bloklangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda xonandalar, sportchilar va blogerlar tomonidan totalizatorlar va bukmekerlik xizmatlarini reklama qilish holatlari bo‘yicha ichki ishlar organlariga 11ta xat kiritilgan.

Shuningdek, qo‘mita OAV, internet va ijtimoiy tarmoqlarda, tashqi reklama vositalarida joylashtirilgan (tarqatilgan) reklamalarni qonunchilik hujjatlariga mosligi yuzasidan 24 mingdan ortiq o‘rganishlar o‘tkazdi. Natijada 8 mingdan ortiq holatda turli kamchiliklar aniqlanib, ularni tezkor bartaraf etish choralari ko‘rilgan.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlardagi 4 500dan ortiq reklamalar yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilib, “Facebook"da 144ta, “Instagram"da 344ta hamda “Telegram"da 4 108ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan va bartaraf etilgan.

Joriy yilning aprel oyida Shavkat Mirziyoyev ommaviy va professional futbolni rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi. Unda futbolni moliyalashtirishni kengaytirish uchun joriy yilning oxirigacha bukmekerlik faoliyatini amalga oshirish bo‘yicha hukumatga takliflar kiritish topshirilgan.

Avvalroq Toshkentda 3 mingga yaqin reklama konstruksiyasi noqonuniy joylashtirilgani ma’lum bo‘lgandi.