Xitoy kompaniyalari Farg‘ona viloyatida umumiy qiymati $1,4 mlrdlik loyihalarni amalga oshiradi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiyasining Xitoyga tashrifi davomida hududlararo investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, “China Power International”, “CAMC Engineering”, “Shaanxi Xiangsheng Industrial Group” hamda “China Huadian Engineering Company” bilan Beshariq va Farg‘ona tumanlarida fotoelektr stansiyalar qurishga qaratilgan 4ta loyiha bo‘yicha $1 mlrdlik hujjat imzolandi.

Sanoat sohasida misdan tayyor mahsulot, qishloq xo‘jaligi texnikasi, bolalar tagliklari, kafel, keramogranit, temir profillar ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda umumiy qiymati $112 mln bo‘lgan 7ta loyiha doirasida kelishuvlar imzolandi. Bular qatorida “Jianhua Ceramics” kompaniyasi tomonidan “Qo‘qon” EIZ hududida qiymati $25 mlnlik sifatli va turli o‘lchovdagi kafellar ishlab chiqarish loyihasi ham bor.

Charm-poyabzal va mebelsozlik bo‘yicha qiymati $26 mlnlik 7ta, shu jumladan, Foshan shahar mebelchilar uyushmasiga a’zo korxonalar tomonidan Toshloq tumanida loyiha qiymati $10 mlnlik mebel ishlab chiqarish korxonasi va shourum qurish bo‘yicha hujjatlar imzolandi.

“DongFeng Special Car Sompany” bilan imzolangan kelishuv bo‘yicha Furqat tumanida 2 bosqichda yillik quvvati 1000 dona, qiymati $100 mlnlik elektrobuslar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi.

Loyiha natijasida qiymati $50 mlnlik elektromobillarni quvvatlash uskunalarini ishlab chiqarish loyihasini joriy etishga “Tunghsu Group” kompaniyasi, $30 mlnlik “Dongfeng” elektrobuslariga akkumulatorlar ishlab chiqarish loyihasi bilan “Jiangxi Anchi New Energy Technology” kompaniyasi Farg‘onaga kirib kelmoqda.

Bag‘doddagi “White Chicken House” va Xitoyning “China Broken Shield” kompaniyalari o‘rtasida parranda go‘shtlari va ikkilamchi qismlarini Xitoyga eksportini yo‘lga qo‘yish uchun investitsiya kiritish mavjud obyektni moslashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Loyiha qiymati — $5 mln.

Shuningdek, sun’iy baliq havzalariga intensiv texnologiyani qo‘llab hosildorlikni oshirish, baliqchilik xovuzlari ustiga quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha “Taijia Industry (Shenzhen)” kompaniyasi bilan muzokaralar olib borildi.

Viloyatdagi ijtimoiy muassasalarni qurish yoki kapital rekonstruksiya qilish hamda “Kampirobod” suv omboridan Farg‘ona shahriga toza ichimlik suvi tortish loyihalari borasida Xitoyning “Sinomash” xoldingi bilan dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Ushbu loyihalarga Xitoy moliya muassasalari tomonidan kamida 20 yil muddatga $300 mlngacha miqdorda yoki ekvivalentida yillik 3%gacha bo‘lgan kredit ajratish bo‘yicha dastlabki kelishuvga amalga oshirildi.

“Zhiyuanhui Information Technology” kompaniyasi bilan Farg‘ona shahrida “aqlli shahar” tizimi asosida raqamlashtirishni joriy etishga kelishildi. Xitoy tomoni bu loyihani 2ta MFY hududida sinov tarzida beg‘araz amalga oshirib beradi.

Pekin shahridagi meva-sabzavot savdo kompleksi “Sinfadi” rahbariyati bilan Farg‘onada yetishtiriladigan meva va sabzavot mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Muzokaralar natijasida, jami 32ta, shundan umumiy qiymati qariyb $1,4 mlrdlik 29 ta investitsiyaviy kelishuv va savdo shartnomalari imzolandi. Yuqoridagi 12ta kompaniya rahbariyatining joriy yil sentabr-oktabr oylarida Farg‘ona shahriga tashrifi rejalashtirildi.


Avvalroq Xitoyning “Bank of China” banki O‘zbekiston bank tizimi imkoniyatlari va unga kirish bo‘yicha qonunchilik hujjatlarini o‘rganishga qiziqish bildirayotgani haqida xabar berilgandi.