O‘zbekiston tabiiy gazining Xitoyga eksporti o‘tgan yilga nisbatan 40%ga kamaydi, deya xabar beradi “TASS” Xitoy bosh bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga tayanib.

Avgust oyida O‘zbekistondan mamlakatga oylik gaz yetkazib berish hajmi iyul oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 18%ga kamayib, $75,27 mlnni tashkil etdi. Bungacha O‘zbekiston gaz eksportini ikki oy ketma-ket oshirgan.

Yanvar-avgust oylarida Xitoyga $370,57 mlnlik tabiiy gaz eksport qilindi. Natijada, 2022-yilning mos davriga nisbatan ko‘rsatkich 40%ga kamaygan.

Turkmaniston Xitoyga gaz yetkazib berish bo‘yicha yetakchilikni saqlab qolmoqda. Sakkiz oyda mamlakatdan $6,63 mlrdlik gaz yetkazib berilgan (o‘tgan yilga nisbatan +5%).

Ikkinchi o‘rinda Rossiya turibdi. Mamlakat eksport hajmini qariyb ikki baravar oshirib, $4,46 mlrdga yetkazgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlarda Myanma ($993 mln) va Qozog‘iston ($782 mln) bormoqda.

Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yetti oy davomida O‘zbekiston xorijga $341,9 mlnlik gaz eksport qilgan, bu o‘tgan yilning shu ko‘rsatkichidan uchdan bir baravar kam.


Avgust oyida Turkmaniston O‘zbekistonga yiliga 2 mlrd kub metr gaz yetkazib berishi ma’lum qilingandi. Bu bo‘yicha “Turkmangaz” va “UzGazTrade” o‘rtasida tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan.