Andijon viloyatida joylashgan “Classica shoes International” korxonasi o‘z mahsulotlarini AQShga eksport qiladi. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi xabar berdi.

Bu bo‘yicha korxona Amerikaning “YNK” kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi. Kelishuv “Made in Uzbekistan” yorlig‘i ostidagi maktab poyabzallarini mazkur mamlakatga yetkazib berishni ichiga oladi.

Shu bilan birga, shartnomaning umumiy hajmi qariyb $500 mingni tashkil etib, 2024-yili Andijon kompaniyasi dastlab 35 ming juft poyabzal yetkazib beradi.

“YNK” kompaniyasi AQSh maktablari uchun 1−12 sinfgacha bo‘lgan yoshdagi bolalar uchun maktab formalari hamda poyabzallarni yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya missiyasi o‘quvchilarni sifatli va ishonchli bo‘lgan kiyim-kechak hamda poyabzallar bilan ta’minlashga qaratilgan.

Avvalroq AQShning “Air Products” kompaniyasi O‘zbekistonda qiymati $10 mlrddan ortiq yangi investitsiya dasturini amalga oshirishi haqida xabar berilgandi.

Shavkat Mirziyoyev kompaniya boshqaruvi raisi bilan mamlakatda ko‘mirni gazlashtirish, texnik gazlar, vodorod va ammoniy ishlab chiqarish hamda achchiq gazlarni utilizatsiya qilish kabi loyihalarni ko‘rib chiqdi.