“HeadHunter” ma’lumotlariga ko‘ra, hh.uz saytidagi aksariyat bo‘sh ish o‘rinlari nomzoddan ish tajribasiga ega bo‘lishni talab qiladi (“Spot"da mavjud).

Saytdagi 8 mingta faol taklifning yarmidan biroz ko‘prog‘i arizachidan 1 yildan 3 yilgacha bo‘lgan tajribaga ega bo‘lishni talab qiladi.

Bundan tashqari, 20% hollarda ish beruvchilar kamida 3 yillik ish stajiga ega, yana 3% hollarda esa 6 yil va undan ortiq ish stajiga ega xodimni qidirmoqda.

Bo‘sh ish o‘rinlarining atigi 22%i tajribasiz nomzodlar uchun ochiq. Bu ko‘pincha mijozlar bilan ishlash bilan bog‘liq lavozimlarga to‘g‘ri keladi: savdo bo‘yicha yordamchi, kassir, call-markazi operatori, savdo yoki mijozlarga xizmat ko‘rsatish menejeri, ma’mur.

Eng yuqori tajriba talablari buxgalterlar, texnologlar va muhandis-konstruktorlarga qo‘yiladi. Ko‘pincha, moliya sohasidagi ishlarga katta tajribaga ega mutaxassislar qidiriladi.

Shuningdek, tajribasiz mutaxassislarga taklif qilinadigan ish haqi tez sur’atlarda o‘sib bormoqda. Sentabr oyi holatiga ko‘ra, ish tajribasiga ega bo‘lmagan xodimlar uchun o‘rtacha taklif summasi 3,5 mln so‘mni tashkil etib, yil davomida 12%ga oshgan.

Shu bilan birga, uch yilgacha ish stajiga ega mutaxassislarning o‘rtacha daromadi 7%ga oshib, 6 mln so‘mni tashkil etdi. Tajribali ishchilar uchun takliflar biroz sekinroq o‘sib, 10 mln so‘mni (+6%) tashkil etdi.

Yozda bo‘sh ish o‘rinlari soni 50%dan ko‘proqqa oshdi. Shu bilan birga, taklif qilingan o‘rtacha ish haqi ham 34%ga oshib, 5,5 mln so‘mni tashkil etdi.

O‘tgan mavsumning eng ko‘p maosh oladigan mutaxassislari IT, marketing, qurilish va moliya sohalari vakillari bo‘ldi.