O‘zbekiston Ozarbayjon bilan xalqaro avtomobil tashuvlari bo‘yicha qo‘shimcha ruxsatnoma blankalarini ayirboshlashga kelishdi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 26-sentabr kuni O‘zbekiston-Ozarbayjon qo‘shma komissiyasining videokonferensaloqa shaklida yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlarining bugungi holati, tomonlar milliy tashuvchilari duch kelayotgan muammolar va ularni hal etish, har ikki tomon tashuvchilari uchun teng imkoniyatlar yaratish bilan bog‘liq masalalar hamda xorijiy ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash kvotasi ko‘rib chiqildi.

Xususan, 2023-yil uchun qo‘shimcha ikki tomonlama ruxsatnoma blankalarini ayirboshlash hamda 2024-yilda ayirboshlanadigan ruxsatnoma blankalarining kvotasi belgilandi.

Shuningdek, kelasi yildan davlatlar o‘rtasidagi ruxsatnoma blankalari turlari tranzit, ikki tomonlama va uch tomonlamaga ajratiladi.

Transport vazirligi milliy tashuvchilardan joriy yilning yanvar oyidan olingan xorijiy ruxsatnoma blankalarini maqsadli ishlatib, qaytarishlarini so‘ramoqda.

Avvalroq vazirlik AQShning Mayami xalqaro aeroporti bilan Toshkent va Mayami o‘rtasida muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqishi haqida xabar berilgandi.