Xitoyning “ICBC Standard” investitsiya banki O‘zbekistonning moliya bozoriga kirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha Londonda regulyator delegatsiyasi bilan investitsiya banki vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Tomonlar O‘zbekiston moliya bozorida zaruriy infratuzulmani joriy qilish va normativ-huquqiy bazani xalqaro standartlar asosida takomillashtirish borasidagi ishlarni muhokama qilishdi.

Xitoy tomoni yirik xorijiy institutsional investorlarni mahalliy moliya bozorlariga jalb qilish imkoniyatlarini oshirishda xalqaro depozitariylar bilan aloqalarni o‘rnatish imkoniyatini qayd etdi.

“ICBC Standard” yaqin kunlarda hisob-kitoblar va davlat qimmatli qog‘ozlari bilan operatsiyalarni so‘mda amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu bo‘yicha texnik bosqichlari kelishib olindi.

Bundan tashqari, bank vakillari mahalliy va xalqaro hisob-kitob tizimlarini bog‘lash va sharnomaviy-huquqiy muhitni yaratish lozimligi haqida fikrlar bildirdi.

ICBC Standard” — Xitoyning davlat tijorat banki. Kredit tashkiloti 1984-yilning yanvar oyida tashkil etilgan. Bankning bosh qarorgohi Pekinda joylashgan.


Avvalroq “Boston Consulting Group” kompaniyasi O‘zbekistonda banklarga yagona xizmat ko‘rsatish markazini yaratishda ishtirok etishi haqida xabar berilgandi.