“Boston Consulting Group” kompaniyasi O‘zbekistonda banklarga yagona xizmat ko‘rsatish markazini yaratishda ishtirok etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Regulyator rahbariyati xalqaro kompaniya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. “BCG” vakillari kredit tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyiha haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, yagona xizmat ko‘rsatish markazini tashkil etish orqali O‘zbekistondagi bank tizimini raqamlashtirishni tezlashtirish uchun kuchlarni birlashtirish imkoniyati yaratiladi.

Markaziy bank rahbariyati bu kabi markazlarni tashkil etishga to‘siqlar yo‘qligini ta’kidlab, bu boradagi mavjud imkoniyatlarga to‘xtalib o‘tdi.

Xalqaro boshqaruv konsalting kompaniyasi Toshkentdagi ofisini 2022-yilning kuzida ochgandi. O‘zbekistonda 2017-yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan kompaniya tog‘-kon sanoati, neft-gaz, kimyo, transport logistikasi va qishloq xo‘jaligi hamda davlat sektori uchun loyihalarni amalga oshirdi.

Boston Consulting Group 1963-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda dunyoning 50dan ortiq mamlakatlarida 90dan ortiq ofislariga ega.