Avvalroq “Silk Road Briefing” nashri bir necha transport ekspertlariga tayanib, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi to‘xtatilganini e’lon qilgandi. Bunga ish uchun haq to‘lash bo‘yicha kelishuvlarning yo‘qligi sabab bo‘lgani qayd etilgandi.

Biroq, Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari Baxit Toroboyev “Kabar” nashri bilan suhbatda qator OAVda tarqalgan mazkur ma’lumotni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tarmoqlarda allaqachon raddiya e’lon qilingan.

“Xitoyga yaqinda amalga oshirgan loyiha tashrifim doirasida tegishli tomonlar bilan uchrashdim va muzokaralar olib bordim. Temir yo‘l qurilishi noma’lum muddatga qoldirilgani haqidagi ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, — dedi Toroboyev.

Shuningdek, u ayni paytda temir yo‘l qurilishini moliyalashtirish modelini tanlash masalasi muhokama qilinayotganiga ishora qildi. Bosh vazir o‘rinbosari bo‘lajak tarmoq Qirg‘iziston iqtisodiyoti uchun katta ahamiyatga ega ekanini qo‘shimcha qilib, ishonchsiz manbalardan olingan ma’lumotlarni e’lon qilmaslikka chaqirdi.

Undan keyin, “Qirg‘iz temir yo‘li” ham OAVda tarqalgan mazkur xabarga munosabat bildirib, loyihani tezkorlik bilan amalga oshirish barcha ishtirokchilar uchun “ustuvor vazifa” hisoblanishini qayd etdi.

Joriy yilning, 21-sentabr kuni videokonferensaloqa tarzida o‘tgan uch tomonlama ekspert guruhining navbatdagi yig‘ilishida tomonlar kelgusida amalga oshirish salohiyatiga ega bo‘lgan moliyalashtirish va loyihalarni boshqarish modelining turli variantlarini ko‘rib chiqib, maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishishdi.

Bundan tashqari, 17−18-oktabr kunlari Pekinda bo‘lib o‘tadigan “Bir kamar — bir yo‘l” 3-xalqaro forumi doirasida ham uch tomonlama aloqalarni davom ettirish va loyiha bo‘yicha masalalarni ko‘rib chiqish rejalashtirilgani qayd etilgan xabarda.


Avvalroq yil yakunigacha O‘zbekistonda temir yo‘l orqali yuk tashishning yangi qoidalari joriy etilishi haqida xabar berilgandi.