O‘zbekistonda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish soddalashtirilishi mumkin. Bu bo‘yicha Raqamli texnologiyalar vazirligi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqdi.

Bu haqda vazirlikning Telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Murodjon Yo‘ldoshev AOKAda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi, deya xabar berdi “Spot” muxbiri.

“Tegishli vazirliklar bilan kelishgan holda qaror loyihasini hukumatga kiritganmiz. Undagi o‘zgarishlar ichidan bitta-ikkitasini sanab o‘taman. Masalan, xorijdan kelayotgan fuqarolar uchun qulayliklar yaratilmoqda. Ularning SIM-kartasi [IMEI-kodi ro‘yxatdan o‘tkazilmasa] 30 kunda o‘chib qolardi”, — dedi Yo‘ldoshev.

Uning qayd etishicha, qonun loyihasi bilan bu muddat uzaytirilmoqda. Bundan tashqari, “Face ID” texnologiyasi orqali IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati yaratilmoqda.

“Qolgan yangiliklarni qaror loyihasi imzolanganidan keyin, ma’lum qilingani maqsadga muvofiq”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Avvalroq O‘zbekistonda IMEIni noqonuniy o‘zgartirish va nusxalashga javobgarlik belgilanayotgani haqida xabar berilgandi.

Qonunchilikka mobil qurilmaning xalqaro identifikatsiya kodini (IMEI) yoki abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonunga qarshi tarzda o‘zgartirganlik yoki uning nusxasini ko‘chirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik kiritilmoqda.