Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha tegishli qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun loyihasi Qonunchilik palatasining shu yil 5-sentabr kuni o‘tgan majlisida deputatlar tomonidan muhokama qilinib, konseptual jihatdan qabul qilingandi.

Loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida tegishli vazirlik va idoralar bilan seminarlar, davra suhbatlari o‘tkazilib, deputatlar, ekspertlar, huquqshunoslar tomonidan berilgan barcha takliflar, fikr-mulohazalar tahlil qilinib, ularning aksariyati loyiha matniga kiritildi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini (IMEI) yoki abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonunga qarshi tarzda o‘zgartirganlik yoki uning nusxasini ko‘chirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik va noqonuniy mayning faoliyatini amalga oshirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortishni nazarda tutuvchi normalar kiritmoqda.

Bundan tashqari, qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga yangi kiritilayotgan moddalar bo‘yicha jinoyat ishini tergov qilish ish qo‘zg‘atgan dastlabki tergov organi tomonidan amalga oshirilishi to‘g‘risida qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi hamda tasdiqlash uchun Senatga yuborildi.

Joriy yilning fevral oyida Toshkent shahar IIBB O‘zbekistonda mobil qurilmalarning identifikatsiya kodlarini (IMEI) ruxsatsiz o‘zgartirganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan tegishli normalarga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qilgandi.