Rossiyaning “Gazpromneft” kompaniyasi O‘zbekiston konlarida quduqlarni burg‘ilash jarayonlarini optimallashtirishga yordam beradi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, bu bo‘yicha tomonlar o‘rtasida tegishli shartnoma imzolangan hamda loyiha operatori sifatida “Gazpromneft-Noyabrskneftgaz” tanlandi. Kompaniya loyiha doirasida quduqlarni qurish va ulardan foydalanishda muhandislik yondashuvlari va yechimlarini ishlab chiqadi.

Xususan, bular qatorida burg‘ilash nazorati, burg‘ilash uskunalari auditi, quduq dizaynini o‘zgartirish bo‘yicha tavsiyalar va burg‘ilash suyuqligining optimal formulasini tanlash bor. Natijada, quduqlarni qurish vaqti 20%dan ko‘proq muddatga qisqartirilishiga yordam beradi.

Shuningdek, “O‘zbekneftgaz"da burg‘ilashni boshqarish markazini tashkil etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqilmoqda. Bunda “Gazpromneft” dasturiy ta’minoti va tajribasidan foydalanish rejalashtirilgan.

“Mutaxassislarimiz bir necha yillar davomida ana shunday markazni tashkil etish uchun xalqaro kompaniyalar tajribasini o‘rganishdi. Natijada „Gazpromneft“ bilan hamkorlikda loyihani amalga oshirishga qaror qilindi”, — dedi “O‘zbekneftgaz” boshqaruvi raisi Bahodir Sidiqov.

Shuningdek, u “Gazpromneft” bilan burg‘ilashni boshqarish markazini tashkil etish quduqlarni burg‘ilash bilan bog‘liq barcha jarayonlarni samarali boshqarishni ta’minlashini qayd etdi.

“Gazpromneft-Noyabrskneftgaz” “Gazpromneft” kompaniyasining sho’ba korxonasi hisoblanadi. Korxona Yamalo-Nenes va Xanti-Mansi avtonom hududidagi 37ta konda neft va gaz qazib chiqarish bilan shug‘ullanadi.

2020-yildan buyon uzunligi 1 kmga yetadigan ikki gorizontal shaftalarda bir vaqtning o‘zida qatlamlarni gidravlik yorish imkonini beruvchi murakkablik darajasi yuqori bo‘lgan quduqlarni qurib kelmoqda.

“Gazpromneft” 2012-yildan beri uglevodorodlarni qazib olish va texnologik jarayonlar samaradorligini oshirish imkonini beruvchi burg‘ilashni boshqarish markazlarini tashkil etish bilan shug‘ullanadi.

Kompaniya tasarrufida burg‘ilanishni tunu-kun nazorat qiladigan yuqori texnologiyali 10ta quduq qurilishini boshqarish markazi mavjud. Ularning ulushi jami 87%ni tashkil etadi.


Avvalroq Qozog‘iston O‘zbekistonga neft eksportini ko‘paytirishga tayyorligini ma’lum qilgandi.