Toshkentning Olmazor tumani, Keles yo‘li ko‘chasini kengaytirish va rekonstrusiya qilish, atrofida obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish maqsadida hududda joylashgan aholi va tadbirkorlarga tegishli ko‘chmas mulk obyektlari jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yiladi. Bu bo‘yicha, xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

Qayd etilishicha, mazkur ko‘chmas mulk obyektari mulkdorlari bilan ochiq muhokama o‘tkazilgan hamda jami 15ta ko‘chmas mulk egalariga o‘rnatilgan tartibda kompensatsiya berilganidan keyin olib qo‘yilishiga ruxsat berilishi belgilangan.

Joriy yil oxirigacha Keles yo‘li ko‘chasini kengaytirish va rekonstrusiya qilish, atrofni obodonlashtirish ishlari yakunlanadi.

Shuningdek, jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi rejalashtirilgan yer uchastkalarida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlari bilan notarial tartibda kelishuv bitimi imzolanadi.

Joriy yilning yanvar oyida Keles yo‘li ko‘chasini rekonstruksiya qilish va kengaytirish ishlari boshlandi. Umumiy qiymati 103,6 milliard so‘mlik loyiha “Grand Road Tashkent” tomonidan amalga oshirilmoqda.

Loyiha ko‘chani G‘alaba bog‘idan Toshkent halqa yo‘ligacha bo‘lgan 3,1 km uzunlikdagi yo‘lni rekonstruksiya qilishni nazarda tutadi.

Yo‘laklar soni 4tadan 6tagacha, ayrim joylarda esa loyihaviy qarorlar asosida 11tagacha yetishi belgilangan. Loyiha dizaynida esa, ko‘chaning ayrim qismlarida har ikki tomondan alohida avtobus yo‘lakchasi tashkil etilishi qayd etilgan.


Avvalroq Toshkentda noqonuniy bino va inshootlarni buzish boshlangandi. Hokimlik maishiy va tijorat binolariga ega bo‘lgan poytaxt aholisini hujjatlarning shaharsozlik me’yorlariga muvofiqligini sinchiklab tekshirishga chaqirdi.