Qozog‘iston Rossiyaga harbiy mahsulotlar yetkazib berishni butunlay cheklab qo‘ydi. Bu haqda Qozog‘iston savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari Qayrat To‘rebayevga asoslanib Zakon.kz xabar berdi.

Qozog‘iston Savdo va integratsiya vaziri o‘rinbosari To‘rebayev Senat yig‘ilishida mamlakat Rossiyaga yetkazib berilishi kerak bo‘lgan harbiy mahsulotlar eksportini g‘arb sanksiyalari sabab to‘xtatganini aytdi.

“Bu 106 turdagi mahsulot. Biz ularning eksportini butunlay chekladik”, — dedi u.

Uning ta’kidlashicha, bular harbiy mahsulotlar bo‘lib, masalan, dronlar, ichki qismlar, ixtisoslashtirilgan elektronika, chiplar va shunga o‘xshash mahsulotlardan iborat.

28-sentabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev mamlakat Rossiyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tish sxemalarida ishtirok etmasligini ta’kidlagandi.

Shuningdek, davlat rahbari Qozog‘iston sanksiyalar rejimiga rioya qilish majburiyatini olganini qayd etdi.


Avvalroq Rossiyaning yog‘ochni qayta ishlash korxonalari O‘zbekistonga kirish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Sanksiya siyosati tufayli Qozog‘iston tranzit yuk tashuvlarini to‘xtatmoqda.