O‘zbekiston Rossiya hukumatidan migrantlar farzandlari uchun Rossiyada xususiy bog‘cha va maktablar ochishga yordam berishni so‘radi. Bu haqda prezident departamenti rahbari Qahramon Quranboyevga tayanib “TASS” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, ta’lim maskanlari o‘zbek diasporasi vakillari hisobidan yaratilishi hamda ularda ta’lim Rossiya qonunchiligiga muvofiq tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

“Sizdan Rossiya qonunchiligiga mos keladigan o‘quv dasturlari bo‘yicha [o‘zbekistonlik] vatandoshlar hisobidan maktabgacha ta’lim muassasalari va xususiy maktablar ochish masalasini ko‘rib chiqishingizni so‘raymiz”, — dedi Qahramon Quranboyev Davlat dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankov bilan uchrashuvda.

Quranboyevning so‘zlariga ko‘ra, Bu Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklar farzandlarini bog‘cha va maktablarga joylashtirishda muayyan qiyinchiliklarga duch kelayotgani bilan bog‘liq.

Davlat dumasidagi yig‘ilishda O‘zbekiston prezidenti maslahatchisi Rossiyaga kelayotgan O‘zbekiston yosh fuqarolari uchun migratsiya tartib-taomillarini soddalashtirish masalasini ham qonunchilik darajasida ko‘rib chiqishni so‘radi.

Bundan tashqari, Quranboyev yoshlar parlamentlari va ikki mamlakat parlamentlarining ixtisoslashtirilgan komissiyalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va talabalar almashinuv dasturlarini, jumladan, qurilish brigadalarini tashkil etishni taklif qildi.

Shuningdek, O‘zbekiston iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida Rossiya tajribasini qo‘llashdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

“O‘rta kasb-hunar ta’limini rivojlantirish va uni O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha Rossiya tajribasini o‘rganishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi Quranboyev.

Ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda xorijda doimiy mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar soni 2 mlndan oshadi, ularning 60%dan ortig‘i Rossiyada mehnat qilmoqda.

2022-yilda xorijdan O‘zbekistonga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari hajmi $17 mlrdni tashkil etdi. Ularning asosiy qismi, ya’ni $14,5 mlrdi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Joriy yilning olti oyida xorijdan mamlakatga $5,2 mlrd miqdorida pul o‘tkazmalari amalga oshirilgan. Biroq, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,2%ga kamaygan. Bunda ham pul o‘tkazmalarining qariyb 80%i bilan Rossiya yetakchilikni egallagan.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan mamlakatda mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar uchun ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash masalalarini ko‘rib chiqqandi.