Maishiy chiqindi poligonlarida hosil bo‘ladigan chiqindi gazidan muqobil elektr energiyasini ishlab chiqarishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.

Koreyaning “Sejin G&E” kompaniyasi ishtirokida Toshkent viloyatining “Ohangaron” va “Maydontol” qattiq maishiy chiqindilar poligonlarida hosil bo‘ladigan chiqindi gazidan quvvati 16 MVt bo‘lgan muqobil elektr energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda.

Mazkur Investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun “Sejin Uz” MChJ korxonasi tashkil etildi.

Qarorga asosan, loyiha 2023−2026 yillarda amalga oshirilib, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi uni amalga oshirishda mas’ul etib belgilandi.

Toshkent shahri va Toshkent viloyati hokimliklariga 2024-yilgacha OTB ishtirokida amalga oshirilayotgan “Toshkent shahrida qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish” loyihasi doirasida Ohangaron tumanidagi 59 gektar yer maydonida joylashgan “Ohangaron” chiqindi poligoniga tutash hududda yangi maishiy chiqindi poligonini qurish va ishga tushirish ishlari yakunlanishini ta’minlash topshirildi.

Shuningdek, Ekologiya vazirligiga bir oy muddatda chiqindi gazidan muqobil elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan havo elektr uzatish liniyasi uchun zarur bo‘lgan yer maydonlari bepul ajratib beriladi.

Bundan tashqari, 2024-yilning 1-martigacha “Ohangaron” qattiq maishiy chiqindi poligoni operativ boshqarish huquqi asosida bepul o‘tkazib beriladi.

Hujjat bilan, Ekologiya vazirligi tomonidan 2045-yilgacha “Sejin G&E” kompaniyasiga quyidagilar ta’minlanadi:

  • poligonlar hamda ulardagi mavjud infratuzilma obyektlari, bino va inshootlar investitsiya loyihasi doirasida chiqindi gazidan muqobil energiyani ishlab chiqarish uchun tekin foydalanish;
  • muqobil energiyani ishlab chiqarish faoliyatini ta’minlashga xizmat qiluvchi havo elektr uzatish liniyasi uchun ajratilgan yer maydonlari ijarasi.

2018-yili Ohangaron va Parkent tumanida chiqindi gazini qayta ishlash hisobiga elektr energiyasini ishlab chiqarish bo‘yicha hukumat qarori tasdiqlangandi.

Joriy yil boshida Koreya kompaniyasining mazkur loyihani amalga oshirishi ma’lum qilindi. loyiha doirasida “Sejin G&E” tomonidan $55 mln miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya mablag‘lari ajratilishi qayd etilgandi.